Magniy oksid
Magniy oksid (kuydirilgan magneziya), MgO —magniyning kislorodli birikmasi. Rangsiz kristall modda. Tabiatda periklaz minerali ko’rinishida uchraydi. Suyuqlanish temperaturasi 2827°, qaynash temperaturasi 3600°, zichligi 3,58 g/sm3. Moos bo’yicha qattiqligi 5-6. Havodan suv va karbonat angidridni yutib, magniy gidroksid va magniy karbonat hosil qiladi. Suvda deyarli erimaydi. Amorf holdagi Magniy oksid kislotalarda, ammoniy tuzlari eritmalarida, hatto sirka kislotada ham yaxshi eriydi. Magniy oksid 1200°-1600° da qizdirilsa yirik kristallar hosil qiladi. U suvda va kislotalarda erimaydi. Magniy oksid rezina buyumlari olishda, o’g’itlarni donadorlashda, neft maqsulotlarini tozalashda, tibbiyotda, magniyli tsementlar olishda, qurilish materiallari sanoatida, sun’iy toshlar ishlab chiqarishda ishlatiladi.