Magniyli qotishmalar

Magniyli qotishmalar – asosini magniy tashkil qiladigan qotishmalar. Magniyli qotishmalarda 12% gacha A1, Zn, Mn, Zr, Th, sa, Se va boshqa elementlar bo’ladi. Sof holdagi magniyli buyumlar i.ch.da material sifatida ishlatib bo’lmaydi, chunki ularning fizik-mexanik mustahkamligi past. Eng mustahkam va olovbardosh Magniyli qotishmalar magniy-metall tizimlari asosida ishlab chiqilgan. Qotishmaning asosini qattiq eritmalar tashkil etadi. Dastlabki Magniyli qotishmalar 20-asr boshlarida paydo bo’lgan («elektron» nomi bilan atalardi). 20-30-yillarga kelib sanoatda ularning ahamiyati oshdi. 40-yillargacha, asosan, Mg—Al—Zn va Mg—Mn tizimi asosidagi, 50-yillardan boshlab esa Mg— Zn—Zr Mg — noyob metall — Zr (yoki Mn), Mg—Th tizimidagi qotishmalar, shuningdek, Mg—Li tizimidagi juda engil qotishmalar ishlatila boshladi. Oxirgi yillarda Magniyli qotishmalar mustahkamligini, ayniqsa, yuqori temperaturada oshirish uchun oz miqdordagi Th, Nd, La, Y va boshqa elementlar bilan legirlanadi. Magniyli qotishmalar quyma va deformatsiyalanadigan guruhlarga bo’linadi. Quyma Magniyli qotishmalar shakldor quymalar tayyorlash uchun ishlatiladi. Mg—Al—Zn, Mg—Zn—Zr, Mg— Nd—Zr tizimidagi Magniyli qotishmalar ko’p qo’llanadi. Deformatsiyalanadigan Magniyli qotishmalar presslash, prokatlash, bolg’alash va shtamplash yo’li bilan yarim fabrikatlar ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Magniyli qotishmalarning xona haroratida plastikligi nisbatan oz bo’lganligi uchun ularga bosim ostida 250° haroratda ishlov beriladi. Magniyli qotishmalar suyultirilganda juda kuchli oksidlanish va yonish xususiyatiga ega. Oksidlanish va yonishdan himoyalash uchun suyuqlanma saqlanayotgan idish flyus (masalan, 75% suyuqlangan karnallit, 17,5% Sag’2 va 7,5% MgO) bilan yopiladi. Magniyli qotishmalarning termik kengayish koeffisienti alyuminiy qotishmalarnikidan o’rtacha 10-15% katta. Past temperaturada Magniyli qotishmalarning elastiklik moduli, oquvchanlik va mustahkam chegarasi ortadi, nisbiy uzayishi va zarbiy qovushoqligi kamayadi, plastikligi esa keskin kamayadi. Magniyli qotishmalarning kamchiligi ular chuchuk va dengiz suvi korroziyasiga chidamsizligidir. Magniyli qotishmalar organik va mineral kislotalarda (xromat va ftorid kislotalar bundan mustasno) hamda tuzlarda korroziyalanadi (emiriladi). Xlor ionlari Magniyli qotishmalar korroziyasini suvda kuchaytiradi. Sutoltirilgan ishqorlarda kuchsiz korroziyalanadi. Magniyli qotishmalarning asosiy afzalligi — ular zichligining pastligi. Magniyli qotishmalar yaxshi bolg’alanadi, ularni kesish, shliflash va silliklash jarayonlari yengil o’tadi. Magniyli qotishmalar avtomobil, traktor sanoatida (dvigatellarning kraterlari, uzatmalar qutisi, g’ildirak barabani va boshqalar tayyorlashda), elektrotexnika, radiotexnika, optikada, to’qimachilik sanoatida, aviatsiya, raketa texnikasida va boshqa ko’p tarmoqlarda ishlatiladi.