MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARI

MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARI (O’zbekiston Respublikasida) — joylardagi davlat boshqaruv idoralari. Ular mahalliy ahamiyatga molik hamma masalalarni o’z vakolatlari doirasida o’zlari hal etadilar, umumdavlat mafaatlarini shu hududda yashab turgan fuqarolarning manfaatlari bilan uyg’unlashtiradilar, yagona davlat hokimiyati organlarining tarkibiy bo’g’ini sifatida yuqori davlat organlari qarorlarining amalga oshirilishini ta‘minlaydilar. Mahalliy davlat hokimiyati organlari: qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta‘minlash, hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish; mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig’imlar belgilash, budjetdan tashqari jamg’armalarni hosil qilish; mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish; atrof-muhitni muhofaza qilish; fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta‘minlash; normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.