Maishiy raqslar qay tariqa boshlangan?

Raqslar bashariyatning deyarli ilk qadamlaridanoq u yoki bu shaklda mavjud bo’lgan. Ibtidoiy odamlar raqslarda hayvonlar yoki tabiat kuchlarini tasvirlashgan va diniy raqslar insoniyat tarixining eng birinchi sahifalaridanoq uning bir qismi bo’lgan edi. Shunday bo’lsa hamki, maishiy raqslar — tamomila boshqa narsa. Bu, eng ko’p darajada huzur-halovat topish maqsadidagi mashg’ulot. Taajjub, biroq raqslarning bu turi ham uzoq tarixga sohibdir. Eng qadimgi yunonlar ham raqslardan bir ermak sifatida mamnun bo’lishgan. Masalan, Aristotel raqslarni foydali deb hisoblagan, chunki ular kishilar yurish-turishining o’ziga xos xususiyatlaridan dalolat berardida. Gomer ham maishiy raqslarni yuqori baholagan. Shuning barobarida rimlik mashhur notiq Tsitseron raqslar haqida shunday degan edi: «Oqil kishi, agar u faqat ahdidan yiroqlashmagan bo’lsa, bir o’zi ham, kimlarningdir davrasida ham raqsga tushmaydi, chunki raqslar — yengiltaklik, fosiqlik va shahvatning yo’ldoshidir». Tasavvur qiling-a, buyuk notiq rok-n-roll haqida nimalar degan bo’lardi! Yunonlarda raqs barcha tantanalar va bayramlarning tarkibiy qismi bo’lgan. Buyuk Sokrat va Platonlarning ularga mayl bildirgani raqs qadimgi Ellada xalqiga naqadar chuqur singishganidan dalolat beradi. Ijtimoiy san’at sifatida raqslar Misrda keng tarqalganiga ham 4000 yildan ko’proq bo’ldi! Tantanalarda mehmonlarni xursand qilish ularda ham odatdagi tadbir sanalardi. Hindistonda ham raqs san’ati, garchi raqslar aksariyat hollarda diniy mazmunga ega bo’lsada, vaqtixushlik shakli sifatida qadimdan mavjud bo’lgan. Maishiy raqslar qadimdan mavjud bo’lgan tag’in bir mamlakat Ispaniyadir. Bu yerda raqsning ko’pgina xatti-harakatlari, albatta, arablardan olingan. Raqs san’ati bugun bizga ma’lum bo’lgan holatida chinakamiga rivojlana boshlagan mamlakat Fransiyadir. Garchi, ko’plab raqslarning ildizlarini boshqa mamlakatlarda ham ko’rish mumkin bo’lsa-da, ular aynan Fransiyada takomilga yetkazilgan edi. Bunda raqs san’atini jon-dilidan e’zozlagan Yekaterina Medichining xizmatiga birdaniga baho berish ancha qiyindir. Raqslarga muhabbat Versaldan tez orada xususiy uylarga ham tarqaladi. Lyudovik XIV zamonida salon raqs san’ati baland cho’qqilarni zabt etdi. Ulug’vor balet spektakllari uyushtirilar va o’sha zamonning eng dongdor kompozitorlari o’z musiqalarini aynan saroy raqslari uchun yaratar edilar.