Malta mexanizmi

Malta mexanizmi, Malta xochi (nomi Malta xochi — Malta ordeni timsolidan olingan) — uzluksiz aylanma harakatni uzlukli aylanma harakatga o’zgartirib beruvchi qurilma; o’zgartiruvchi (qayta hosil qiluvchi) mexanizmlar turiga kiradi. Asosan, yetakchi va yetaklanuvchi disklardan iborat. Yetakchi disk aylanib turganda uning barmog’i ma’lum vaqt yetaklanuvchi disk (xoch)dagi radial (radius bo’yicha yo’nalgan) o’yiqqa kirib turadi va uni muayyan burchakka (60 yoki 90° ga) buradi. Barmoq radial o’yiqdan chiqqanidan so’ng yetakchi disk etaklanuvchi disk sirtida sirpanadi va uning harakatini to’xtatadi. Malta mexanizmining disklar tashqi va ichki ilashadigan, disklarining shakli hamda barmoqlari va radial o’yiklari soni har xil bo’lgan turlari bor. Malta mexanizmi kino qo’yish apparatlarida va to’xtab-to’xtab ishlaydigan boshqa qurilmalarda qo’llaniladi.