Mardikorlik
Mardikorlik-o’rta asrlarda yoki mahalliy hukumat farmoni bilan natural majburiyatni bajarish, shuningdek, katta yer egalari, feodallar yerida ishlovchi dehqonlar mehnati. Birinchi jahon urushi davrida oq podsho tomonidan chor Rossiyasining chekka o’lkalaridan front orqasiga majburan safarbar qilingan erkaklar mehnati tarixda mardikorlik nomi bilan ma’lum. 1916 yil 25 iyunda podsho Nikolay II ning “Imperiyadagi begona xalqlar erkak aholisini, harakatdagi armiya aholisi rayonida harbiy inshootlar va shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo’lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish” to’g’risidagi farmoniga muvofiq Sibir, Qozog’iston, O’rta Osiyo va Gruziya mahalliy aholisidan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo’lgan 400 ming erkak safarbar qilinishi mo’ljallanadi. Jumladan, Turkiston aholisidan 250 ming kishi safarbar qilinishi kerak edi. Bu farmon xalqning g’azabini qo’zg’atdi. Natijada O’rta Osiyo va Qozog’iston hududida yirik xalq qo’zg’oloni (1916 yil) kelib chiqdi. Mardikorlikka safarbarlik to’g’risidagi farmonning bajarilishini ta’minlashda milliy burjuaziya va dindorlar podsho Rossiyasiga har tomonlama yordam beradilar. Turkiston o’lkasidan 1916 yil sentabrdan 1917 yil fevralgacha 123 ming kishi mardikorlikka olinadi. Ular Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Kavkazning ko’p shaharlarida ishlaydilar. Podsho hukumati ag’darilgandan so’ng 1917 yilning bahorida mardikorlar orasida norozilik harakatlarining kuchayib ketishi tufayli Muvaqqat hukumat mardikorlarni o’z ona yurtlariga qaytarishga majbur bo’lgan.