Marmar nima?

Tabiat benazir novvoyxonadir. Yerning chuqur qa’rida ming yillar ilgari cho’g’simon suyuq tog’ jinslaridan ko’tarilgan cheksiz haroratdan qizib yotgan uning pechi bor. Bu pechda tabiat ohakni qizdiradi va aql bovar qilmas bosim ostida uni tosh-metin marmarga aylantiradi. Eng toza marmar oq rangda bo’ladi. Har xil aralashmalar esa unga pushti, qizil, sariq va jigarrang tus beradi yoki uning sirtida to’lqinsimon chiziqlar va dog’larni vujudga keltiradi. Marmar vujudidagi har xil rangli kristallar Quyosh shu’lasidan jilolanib tovlanadi. Marmarning ayrim bo’laklaridagi tosh qoldiqlari unga qo’shimcha joziba bag’ishlaydi. Ayrim hollarda sayqal berib silliqlangan va qurilish ishlarida foydalaniladigan boshqa toshlarni ham marmar deb atashadi. Masalan, granitni, aqiqni, porfirni. Aslida esa tabiatdagi jarayonlar ta’sirida kristallga aylangan ohak jismlari haqiqiy marmardir. Marmarni olish uchun maxsus mashinalar toshloq bag’rini yorib keng 2 — 3 metr chuqurlikda bir qator kanallar va yoriqlar kovlaydi, ularning uzunligi 18 — 24 metrga etadi. Bu ishda portlatish usul qo’llanmaydi, chunki shunday qilinsa, marmar parchalanishi yoki unga darz ketishi mumkin. Marmar usti ochilgach, u bo’laklarga kesib ajratilib, ulkan kranlar bilan yerdan chiqariladi. Ishlov berilmagan marmar toshlarni kesish uchun tishsiz yirik arralar qo’llaniladi va uning ustidan qum aralash suv quyib turiladi. Po’lat keskich va qumning o’zaro ishqalanishi natijasida marmarning bahaybat tanasi kerakli holatda tez qirqib olinadi. Ba’zida qattiq keskich o’rnida simdan yasalgan arradan foydalanishadi. Shundan keyin marmar bo’laklari dumaloq shaklda silliqlovchi qurilmalarga siljimaydigan qilib o’rnatiladi. Qumli suv qurilmaning marmar sirtini tekislab aylanayotgan charx toshi ustidan oqib o’tadi. Keyin esa marmar sirtini yanada tiniqlashtirish uchun qo’shimcha silliqlash ishlari bajariladi. Marmarga so’nggi marta jilo berish uchun oksidlangan qalayi va shovul kislotasi aralashmasi charxtosh bilan sayqallanayotgan marmar ustiga quyib turiladi.