Mavrak
Mavrak (Salvia) — labguldoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tlar va yarim butalar turkumi. 500 turi bor. O’zbekistonda 16 turi uchraydi. Shundan yarim buta bo’lgan dorivor Mavrak ekib o’stiriladi; bo’yi 50 santimetr. Barglari cho’ziq yoki keng nashtarsimon, uzun bandli (poyaning yuqori qismidagisi bandsiz), qarama-qarshi joylashgan. Gullari ko’k, binafsha, poya shoxlarining uchida soxta to’pgul hosil qiladi. Bargida va gulida 2,5% gacha efir moyi, shuningdek, oshlovchi va boshqa moddalar bor. O’zbekistonning tog’yon bag’irlarida, adir va bog’larda o’sadigan muskat Mavrakning bo’yi 1 metr. Barglari yirik, tuxumsimon, uzun bandli, tarkibida 1,03% gacha efir moylari, S vitamini, flavonoidlar, oshlovchi va boshqa moddalar, urug’ida 31 % gacha moy bor. Bargi xalq tabobatida quvvatlantiruvchi, ovqat hazm qildiruvchi dori sifatida hamda yurak va buyrak kasalliklarini davolashda qo’llaniladi.