«Mavzoley» kalimasi qayerdan kelib chiqqan?

Bugungi kunda monumental maqbarani anglatuvchi «mavzoley» atamasining ildizi dunyoning yetti mo’jizasidan biri bo’lmish yunonlarning Old Osiyodagi Kariy degan viloyati hukmdori Mavzolning (miloddan avvalgi 377-353 y.y.) xilxonasiga borib taqaladi. Bino qurilishi Mavzol hayotligi chog’ida boshlangan va uning vafotidan keyin zavjasi Artemisiya tomonidan inshooti nihoyasiga yetkazilgan edi. Afsonada keltirilishicha, Artemisiya umr yo’ldoshining sharob qo’shilgan xoki turobini sipqoradi-da, shu yo’sin xo’jasining tirik dahmasiga aylanadi. Mavzol xotirasini aziz tutish maqsadida bunyod etilgan marmariy yodgorlik muhtashamlik bobida yagona edi. Mavzol haykali o’rnatilmish 7 metrlik pillapoyali ehrom butun imoratni bezab turgan. Bunday sharaflash Afinada bo’lmog’i mushkul edi: boshqaruvning demokratik tariqasi alohida inson shaxsini ilohiylashtirishga yo’l qo’ymagan. Galikarnas mavzoleyi yunon madaniyatining miloddan avvalgi 336 yilda taxtga chiqqan Aleksandr Makedonskiy hukmronligi yillarida rivojlangan galdagi yo’nalishlaridan darak berdi. Mavzoley — Platon mutlaqiyat boshqaruvi tizimining muqarrar nuqsonlarini o’zida mujassam etuvchi deb bilgan dabdababozlik va axloqiy aynishlarga yorqin bir misoldir.