Mintaqa vaqti
Mintaqa vaqti – vaqtni hisoblash tizimlaridan biri. Mintaqa vaqtiga Yer yuzasini har biri o`rtacha 15 darajadan qilib meridian yo`nalishidagi 24 ta mintaqaga ajratish asos qilib olingan. Mintaqalar tartib soni Grinvich meridiani o`rta meridian bo`lgan mintaqadan boshlab sharqqa tomon 0 dan 24 darajagacha hisoblanadi. Bir mintaqa doirasidagi hamma joyda bir vaqtda soat bir xil hisoblanadi. Mintaqa vaqti deb shu mintaqaning o`rta meridianidagi o`rtacha quyosh vaqti qabul qilingan. Xo`jalik va boshqa amaliy ishlarda qiyinchilik tug`ilmasligi uchun mintaqa vaqti chegaralari qat’iy meridian bo`ylab emas, ba’zan ma’muriy chegaralar, daryolar va h.k. lar bo`ylab o`tkaziladi. Mintaqa vaqti dastlab 1883-yili AQShda joriy qilingan.