Misrliklar ehromlarni nima uchun qurishgan?
Misrliklar o’z hukmdorlari dafn etiladigan ehromlarni taxminan miloddan uch ming yil avval bunyod etishgan. Fir’avnning shaxsan o’zi uni dafn etish uchun ehrom tiklanishi kerak bo’lgan joyni tanlagan. Binobarin Fir’avn Xeops o’z xilxonasi rejasi ustida sodiq xizmatkorlaridan biri bo’lgan me’mor Xemon bilan birga ishlagan. Maqbaraning balandligi 147 m bo’lishi mo’ljallangandi. Albatta, bundayin ulug’vor loyihani amalga oshirish minglab mehnatchilarni jalb qilishni talab etardi. Bu odamlarni yedirib-ichtirish ham zarur bo’lgan. Shu bois ishni aniq va tartibli tashkil etishga zarurat seziladi. Yuzlab sangtaroshlar tosh konlarida mehnat qilishardi. Xarsangtoshlardan qirqilgan va tuproq bag’ridan ajratib olingan bloklarni suv sathi yetarlicha bo’lgan kezlarda Nil bo’ylab G’iza tomonga tashib kelishardi. G’izada toshlar kerakli o’lchamlargacha taroshlanar va ularni muayyan bir joyga o’rnatish uchun maxsus g’o’lalarga yuklanar edi. Ularning silliqlanishi shu qadar aniq bajarilganki, hozir ham toshlar orasida hech qanday yoriq joy yo’q. Kohin-me’mor sarkorlik qilgan kamsonli ishchilar bu ishlar bilan shug’ullanishgan. Ehromlar qurilishi jarayoni ancha yillarga cho’zilgan. Binobarin Xeops ehromining hurib bitkazilishi uchun 20 yil talab etildi, keyinchalik misrliklar yangi fir’avnlar uchun ham boshqa ehromlar qurishdi va hukmdorlar bir makonda — shohlar vodiysida dafn etilishlarini xohlamay qolgan pallagacha qurilish ishlarini davom ettiraverdilar. Bugun dunyoning to’rt tomonidan kelgan turistlar qadimgi me’morlarning mahoratiga tahsin o’qiydilar. Baxtga qarshi, ehromlar atrof muhitning ifloslanishidan katta zaxaga uchramoqda, ustiga ustak zamonaviy shahar marhumlar shahri sarhadlariga borgan sayin yaqinlashib kelmoqda.