Mo’lali botig’i

Mo’lali botig’i – Qizilqumdagi botiq. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida, Taxtatov va Yetimtog’ tizmalarining Janub etaklarida joylashgan. Janubi g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan. Uzunligi 38-42 kilometr, eni 10-30 kilometr. Eng chuqur joyining mutlaq balandligi 150 metr. O’rtacha chuqurligi 35-40 metr. Qadimda bir necha marta dengiz bosgan, neogen davridan boshlab Mo’lali botig’i hozirgi shaklini ola boshlagan. Uchlamchi va to’rtlamchi davr cho’kindi jinslari qum, gil va qumtoshlardan iborat. Botiqning Janub qismida tekis, ko’zanakli do’ng, marzali qum shakllari tarkib topgan. Ilgari Mo’lali botig’idan tuz qazib olingan. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,5°, iyulniki 27-29°. Yillik yog’in 100— po mm. Mo’lali botig’ida sho’rxok, sho’rtob, taqir, qumli, tog’larga yaqin joylarda esa shag’alli tuproqlar uchraydi. Qumli yerlarda Iloq, oq saksovul, Qandim, astragal, shuvoq, efemerlar, sho’rxok qumliklarda qora saksovul, qorabaroq, sarsazan, ba’zan, yulg’un, shohilak tarqalgan. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, kaltakesak, ilon, yumronqoziq, qo’shoyoq, qumsichqon va boshqalar yashaydi. Mo’lali botig’ida qishda va yozda Qorako’l qo’ylar, yilqi boqiladi. Yaylovlarning mahsuldorligi gektariga 0,5—1 tsentner.