Moskva kremli qay tariqa qurilgan?
Siz, albatta, shunday bir naqlni ko’p marotaba eshitgansiz: «Moskva birdaniga qurilmagan». Bu e’tirof teng ma’noda Kremlga ham taalluqlidir. Tag’in shunisi ma’lumki, ulug’ Knyaz Yuriy Dolgorukiy bu maskanda shahar qurishga qaror qilishidan ancha oldin ham aynan shu joyda yog’och qal’a mavjud bo’lib, u keyinchalik, agar aniqroq aytadigan bo’lsak, XV yuzyillikning birinchi yarmidan e’tiboran endilikda bag’oyat jarangdor nom bilan ataladigan bo’ldi: Kreml. Uni qadimdan tosh ertak deb ataydilar. Va bu ertak ko’p asrlar davomida to’qildi. XIV asrga qadar qal’a baquvvat bolut devor bilan o’ralgan, bu esa o’sha zamonlarda ishonchli istehkom sanalardi. Qal’a devoridan tashqarida bo’lgan barcha imoratlar posad, qal’adan xiyla uzoqroq bo’lgan slobodalar esa zagorodye deb atalardi. Knyaz Dmitriy Ivanovich Donskoy zamonasida 1367 yili yog’och devorlar o’rnida pastak tosh devorlar tiklanadi. Va o’shanda Kreml ilk bora tosh shahar nomini olgan edi. Ammo bular biz bugun ko’zimiz tushadigan devorlar emasdi. Har bir asr Moskva Kremli arxitekturasiga qandaydir yangilik qo’shdi, har bir podshoh ham o’zi buni anglagan-anglamagan holda bu tosh solnomada o’zidan esdalik qoldirdi. Biroq, Kremlda ko’p narsa qayta qurilganiga, qo’shimcha imoratlar tirkab solinganiga qaramay, Kreml baribir asosan XV—XVI asrlarda qanday qurilgan bo’lsa, o’shandayligicha qoldi. Chindan-da bir talay imoratlar qo’shimcha qurilgan edi. Binobarin XVII asr da minoralari ustida murakkab sherozalar qo’shimcha qurilgan. Spasskaya minorasi dastlabki yangi qiyofasini kasb etadi. Inshoot o’shanda odamlarning ko’plab oq toshlardan ishlangan figuralari bilan bezatilgani haqida hikoya qiladilar. Bu narsa o’sha kezlardagi Moskva uchun noodatiy voqea bo’lgani tufayli podshoh figuralarga kaftan kiygazishni amr qiladi. Xuddi o’sha zamonlarda minorada zang chaluvchi soatlar — Kreml kurantlari paydo bo’lgan edi. Biroq Moskvaning hamma narsani xarobaga aylantiruvchi navbatdagi yong’inlaridan birida soatlar yonib ketadi, figuralar qulab tushadi va ancha keyinroq Spasskaya minorasi biz hozir biladigan ko’rinishida qayta tiklanadi. Misoli handaq ustidagi ko’prikdan so’ng tuyqus yerdan o’sib chiqqandek tuyuluvchi barvasta Kutafya, olg’a talpinib turgan jiddiy va mag’rur Troiskaya minorasi Kremlning barcha minoralari orasida eng tahdidli ko’rinishga ega. Moskvani egallagan Napoleon qo’shinlari aynan shu yerda 1812 yildagi Vatan urushi ilk partizanlarining jiddiy qarshiligiga duch kelganligi haqida rivoyat borligi ham bejiz bo’lmasa kerak. Darvoqe, Kreml devorlarining har bir minorasi o’zicha yaxshi va ahamiyatli; Kreml devorlarining minoralar bilan birgalikdagi umumiy uzunligi esa 2 235 metrga teng; Kreml devorlari 1045 ta dandanaga ega.