Mo’yinqum

Mo’yinqum — Qozog’iston Janubdagi Chuy va Talas daryolari quyi oqimidagi qumli cho’l. Uning Janubi- g’arbida Qirg’iziston va Qoratog’ tizmalari ko’tarilgan. Sharqdan g’arbga 540 kilometr, shimoldan Janubga 150 kilometrga cho’zilgan. Umumiy maydoni 4 million gektar. Yer yuzasi Janubi- sharqdan (700 metr) shimoli-G’arb tomon (110 metr) pasayib boradi. Tektonik jihatdan Chuy sineklizasida joylashgan. Qumning qalinligi 20-40 metr, ostida bo’r va Paleogenning dengiz yotqiziqlari mavjud. Qumlar Eosen davri qumtoshlarining yemirilishi va Chuy daryosi olib kelgan allyuvial yotqiziqlarning shamollar ta’sirida uyilishi va qayta yotqizilishi natijasida tarkib topgan va hozirgi relef shakllari (marzali, do’ng va boshqalar) vujudga kelgan. Marzali qum shakllari (balandligi 10 metrgacha) ko’proq tarqalgan, ular orasida kichik ko’llar uchraydi. Iqlimi mo’tadil-kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -8°, minimal temperatura -49° ga yetadi. Iyulniki 22-30°. Eng yuqori temperatura 38-40°. Yog’in miqdori g’arbiy va markaziy qismlarida 250 mm, sharqida 300 mm. Grunt suvlari sathi 5-25 metr pastda, ba’zi joylarda buloq sifatida yer yuzasiga chiqadi. O’simliklardan, qum relefining murakkabligi va grunt suvlarining joylashishiga qarab, oq va qora saksovullar, juz-g’un, quyonsuyak, Astragal, chalov, teres-ken, shuvoq, yulg’un, chingil, rang, sho’ra, qamish, bug’doyiq o’sadi. Cho’l o’simliklarining turli-tumanligi sababli yaylovlarning mahsuldorligi yuqori. Mo’yinqum yaylov sifatida foydalaniladi, saksovul tayyorlanadi. Grunt suvlari yer yuzasiga yaqin yerlarda qisman dehqonchilik qilinadi.