Mo’yqalam, qilqalam

Mo’yqalam, qilqalam — rang-tasvir va grafikada, shuningdek, kalligrafiyada bo’yoqni mato, qog’oz va boshqa asosga surtishda ishlatiladigan asbob. Rassomning asosiy ish quroli. Hayvonlarning junidan dumaloq, yassi, o’tkir uchli qilib tayyorlanadi. Moybo’yoq rassomligida dag’alroq jundan (dumaloq yoki yassi shaklli), yelim rassomligida uzunroq qildan, akvarel, tempera va grafikada mayin (Olmaxon, bo’rsiq, qumsichqon) jundan (dumaloq, o’tkir uchli) tayyorlangan Mo’yqalamlar ishlatiladi. O’ta mayin va egiluvchan xususiyatli (kolonok tukidan tayyorlangan) Mo’yqalamni barcha bo’yoqlar bilan ishlaganda qo’llash mumkin.