Mustamlaka davrida Samarqand. Samarqandni qo’shib olish oqibatlari
1868 yilda Samarqand Rossiyaga qo’shib olindi. Keyinchalik Samarqand va Kattaqo’rg’on bekliklari birlashtirilib, Zarafshon okrugi tuzildi. So’ngra bu okrugga Panjikent va Zarafshon vodiysi yuqorisidagi tog’li rayonlar qo’shildi.
1868 yil iyul oyining birinchi yarmida tuzilgan va general-gubernator Kaufman tomonidan tasdiqlangan Zarafshon okrugini boshqarish to’g’risida “Muvaqqat nizom (qoida)” darhol kuchga kirdi.
“Muvaqqat nizom”ning 1-paragrafiga muvofiq, alohida Zarafshon okrugi rasmiy jihatdan Rossiya imperiyasi sostaviga kirmas, lekin Turkiston o’lkasining boshlig’iga bevosita bo’ysunar edi. Okrugning ikki bo’limi – Samarqand va Kattaqo’rg’on bo’limlari o’rtasidagi chegaralar Samarqand bilan Kattaqo’rg’on bekliklari o’rtasidagi mavjud chegaralar asosida belgilangan edi.
“Muvaqqat nizom” bu yerda chop ma’muriyatini tuzish bilan bir qatorda, “nufuzli mahalliy kishilarni rus hokimiyatiga bog’liq qilib qo’yish” maqsadida oqsoqollar va aminlarni qoldirib, boshqarishning eski sistemasini qisman saqlab qolishni ko’zda tutar edi. Boshqarishning barcha organlari va vazifalari – ma’muriyat, politsiya, soliqlar va yig’inlarni undirib olish, aholining da’volarini ko’rib chiqish, sud ishlari general Golovachev o’rniga tayinlangan okrug boshlig’i general Abramovning ixtiyoriga berib qo’yilgan edi.
1868 yil sentabrida Zarafshon okrugi harbiy gubernatori huzurida mahkama tuzildi. Bu mahkama dastlabki vaqtlarda farmoyish beruvchi, xo’jalik va buxgalteriya bo’limlaridan iborat edi. 1869 yildan boshlab esa farmoyish beruvchi va xo’jalik bo’limlari qoldi.
Alohida Zarafshon okrugi tashkil etilgandan keyin okrugi va uning ikki bo’limining aniq chegaralarini belgilash uchun general Abramov raisligida komissiya tuzildi. Komissiyaning taklifiga binoan, Samarqand bo’limi aholi yashaydigan 11 punktni o’z ichiga olgan uch rayonidan iborat edi, Kattaqo’rg’on bo’limi esa bitta rayondan iborat bo’lib, uning sostaviga 16 qishloq kirar edi. Bo’limlarni tashkil etish va ularni chegaralash ishlari ana shu rayonlarning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini hisobga olmagan holda chor amaldorlari tomonidan o’zboshimchalik bilan o’tkazildi.
Rayonlar va bo’limlar o’rtasidagi aniq ma’muriy va territorial chegaralar bo’lmaganligidan aholining manfaatlariga putur yetadi, chunki aholi ba’zan ikki marta soliq to’lashga majbur bo’lar edi. Soliq to’lovchilarga maosh o’rniga mukofot tariqasida yig’ilgan pulning umumiy miqdoridan 5-10 protsent berilar edi; shuning uchun ham ular soliq to’lovchilardan ko’proq pul undirish maqsadida suiste’molga yo’l qo’yishar edi.
Bo’limlarning ma’muriyatiga boshliqlar rahbarlik qilardi, harbiy kuchlar ham ularga itoat etardi. 1869 yildan boshlab Samarqand bo’limi boshlig’ining bu huquqi bekor qilindi va zarur hollarda u okrug harbiy general-gubernatori orqali ish ko’radigan bo’ldi.
Zarafshon okrugini boshqarish to’g’risida 1868 yilda chiqarilgan “Muvaqqat nizom” Samarqandni boshqarish organlarini tuzishni ko’zda tutmas edi; shuning uchun Samarqand bo’lim boshlig’iga bo’ysunar edi. Samarqand bo’limining boshlig’i huzurida maxsus xo’jalik va jamoat boshqarmasi tashkil etilgan bo’lib, bu boshqarma 1867 yilgi “Nizom” loyihasiga asosan Toshkentda tuzilgan shahar mahkamasiga bir oz o’xshab ketar edi. Shunga qaramay, Samarqand alohida ma’muriy birlik sifatida ajralib chiqmagan, yuqorida eslatib o’tilgan xo’jalik-ma’muriy boshqarma organlari Samarqand bo’limi boshlig’i yordamchilaridan birining rahbarligi ostida ish olib borar edi. 1887 yilda bu boshqarma organlari tugatilib, shahar hokimiyatining barcha vazifalari Samarqand uyezdinign ixtiyoriga topshirildi.
1886 yil 12 iyunda “Turkiston o’lkasini boshqarish to’g’risida Nizom”ning qabul qilinishi bilan Zarafshon okrugi Samarqand oblastiga aylantirildi, okrug boshlig’i lavozimi esa tugatildi.
1887 yil yanvarda Samarqand oblasti to’rt uyezdga: Samarqand, Kattaqo’rg’on, Xo’jand va Jizzax uyezdlariga (Xo’jand va Jizzax uyezdlari Sirdaryo oblasti sostavidan olib berildi) bo’lindi. Samarqand oblastinign markazi bo’lib qoldi.
Podsho hukumati Turkistonda asta-sekin boshqarish organlarini tuza borib, O’rta Osiyo xalqlarini siyosiy va madaniy qoloqlikda tutib turish maqsadida Buxoro amirligi eski feodal-davlat nerarxi hokimiyatining ba’zi organlarini saqlab qoldi yoki uning ko’rinishini bi oz o’zgartirdi.
Qozilik sudlari feodal davlat apparatining ana shunday organlaridan biri edi. Chor ma’muriyati uni deyarli o’zgartirmay qoldirdi, faqat buni okrug bo’yicha o’rnatilgan rejimga moslashtirdi, xolos. Bu o’zgartirishlar sayab qo’yishni joriy etishdan, “xalq sudyalari” s’yezlarini chaqirishdan, qozilik sudlari chiqaradigan hukmlar (qarorlar) ning jazolari doirasini cheklab qo’yishdan iborat edi. Tayinlab qo’yilishi muayyan darajada saylovchilarga bog’liq bo’lgan qozilar o’zlarining ilgarigi mavqeini sekin-asta yo’qota boshladi. Ular daromad olish, boylik orttirish manbai bo’lgan o’z lavozimlarini saqlab qolish uchun saylovchilar va chor amaldorlari o’rtasida ig’vo tarqatish, ularni sotib olish taktikasini qo’lladilar.
Rus aholisi uchun uyezd sudyalari lavozimi joriy etildi. Ularning vakolati va ish hajmini ham Yevropa Rossiyadagidek edi. Uyezd sudyalari 1887 yil 1 yanvargacha ishlab keldi. 1886 yil 12 iyunda qabul qilingan nizomga asosan, uyezd sudyalari Samarqand oblastining uyezdlarida ham, shaharlarida ham kelishtiruvchi sudyalar bilan almashtirildi.
1889 yil 14 mayda chiqarilgan tsirkulyarga asosan oblast boshqarmasiga bo’ysunuvchi Samarqand oblast sudi Samarqand okrug sudiga aylantirildi va Rossiya imperiyasining boshqa gubernalarida qo’llanilgan Sud ustavining umumiy asoslariga muvofiq ish olib bordi.
Mahalliy millat aholisiga o’z ishlarining rus sudida ko’rib chiqilish huquqi (ikki tomon ham rozi bo’lgan taqdirda) berildi. Ammo ko’pincha sud tegishli qaror qabul qilmay, balki harbiy gubernator yoki uyezd boshlig’ining ma’muriy aralashuvi bilangina kifoyalanib qo’ya qolardi. Harbiy gubernator yoki uyezd boshlig’i kishilarni sud hukmisiz ham turmaga qamab qo’yar yoki ularni Sibirga surgun qilar edi. Ba’zan mahbuslar ana shu tartibda turmalardan ham ozod qilinar edi.
Shunga qaramay, yangi sistema Samarqand va uning okrugi uchun Buxoro amiri hukmronlik qilgan davrdagi sud va ma’muriyat sistemasiga qaraganda birmuncha progressiv edi, chunki amirning qonli zulmi va og’ir istibdodi hammaga yaxshi ma’lum edi.
O’rta Osiyoda qulga egalik qilish va qul savdosining man etilishi Samarqandning Rossiyaga qo’shib olinishining muhim sotsial oqibatlaridan biridir. Ana shunga qadar Buxoro va Samarqand qul savdosi avj olgan asosiy bozorlar hisoblanardi.
Bir qancha manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, qul mehnatidan uy-ro’zg’or ishidagina emas, balki qishloq xo’jaligida ham foydalanilar edi. Masalan, Samarqandning Rossiyaga qo’shilishi arafasida kattaqo’rg’onlik yirik feodal Alimboyning ixtiyorida 500 ga yaqin qul ishlar edi. Turkiston, shu jumladan, Samarqand imperiya sostaviga qo’shib olganidan keyingina rus ma’murlarining talabiga ko’ra bu qullar ozod qilindi.
Qulchilik va qul savdosining bekor etilishi Rossiya bilan Buxoro amirligi o’rtasida 1868 va 1873 yillarda tuzilgan shartnomalar bilan mustahkamlandi. 1873 yil 28 sentabrda qabul qilingan shartnomaning 18-moddasida bunday deyilgan edi: “insonparvarlik qonunlariga zid bo’lgan odamlar bilan savdo qilishdek sharmandali ishlar bundan buyon Buxoro amirligi territoriyasida abadiy to’xtatiladi”. Amir, beklarning zimmasiga shartnomaning ana shu qoidasiga qat’iy rioya qilish vazifasi yuklatiladi.
Rossiyaga qo’shilish bilan O’rta Osiyoda doimo davom qilib kelgan o’zaro urushlarga chek qo’yildi, bunday urushlar mehnatkashlar xalqning ahvoliga og’ir ta’sir ko’rsatar edi.
Rossiya Samarqandning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ham progressiv ta’sir ko’rsatdi. Samarqand butun Turkiston singari Rossiya iqtisodiy rivojlanishining umumiy oqimiga ancha tez intila boshladi. Burjua munosabatlari asta-sekin shahar ekonomikasiga kirib bora boshladi: ayni vaqtda feodal-patriarxal munosabatlar tobora yemirila bordi.
Biroq dastlabki o’n yilliklar davomida feodal munosabatlari o’z ishlab chiqarishining natural xarakteri bilan shahar va oblastda hali ancha kuchli edi. Bunday hol shahar aholisining o’sishiga to’sqinlik qilardi. Chunki shahar aholining Samarqand oblasti aholisining umumiy sonidagi salmog’i 1868-1870 yillarda atigi 1,3 protsenti, 1897 yilda esa 15,7 protsentini tashkil qilardi. Shunga qaramay, ijtimoiy mehnat taqsimoti shahar aholisi salmog’ining o’sishidagi ba’zi o’zgarishlardan dalolat berardi; Zakaspiy temir yo’li ochilganidan keyin bu o’zgarish ayniqsa sezilarli bo’lib qoldi.
Statistikada (1897 yilgi aholi ro’yxati materiallaridan tashqari) aholining mashg’ulotlari to’g’risida noaniq, ko’pincha qarama-qarshi bo’lgan ma’lumotlar bor.
1870-1872 yillarga doir ma’lumotlarga qaraganda, Samarqandda ko’pi bilan 20 ming aholi yashar edi. Aholining o’ndan bir qismini imtiyozli sinf vakillari tashkil qilardi; aholining qolgan qismini esa dehqonlar, hunarmandlar va ma’lum ish bilan shug’ullanmagan kishilar tashkil etar edi. Zamondoshlarning aytishlariga qaraganda, 6 mingdan ziyod kishi och va qashshoq kun kechirar edi.
Rossiya imperiyasining 1897 yilgi umumiy aholi ro’yxatiga ko’ra, Samarqand oblastining aholisi 860021 kishi bo’lgan. Mahalliy millat aholisi 97,67 protsentni tashkil qilar edi. Oblastning umumiy aholisidan 194608 kishi, shu jumladan, 5545 xotin-qiz turli ishlarda ishlardi. Oblastdagi 147534 ta xo’jalikdan 17149 tasi yoki barcha xo’jaliklarning 11,9 protsenti yollanma ishchiga yoki xizmatkorga ega edi. Samarqandning o’zida 55128 kishi yashab, shulardan 23394 nafari xotin-qizlar edi. 19735 erkak va 1883 xotin-qiz turli ishlar bilan band edi. Shahardagi 8798 xo’jalikdan 1053 tasi (11,94 protsenti) yollanma ishchiga yoki xizmatchiga ega edi.
Samarqand oblastining 1897 yildagi butun aholisini quyidagicha taqsimlash mumkin (umumiy songa nisbatan protsent hisobida): qishloq xo’jaligida ishlovchilar – 80.1, savdo-sanoatda ishlovchilar – 15.4, unumsiz ishlarda band bo’lganlar – 4.5. Bu ma’lumotlar XIX asrning oxirida ijtimoiy mehnat taqsimoti jarayonining kuchayganligidan dalolat beradi. Ayni vaqtda ular umuman Turkiston o’lkasi singari Samarqand oblasti ham bir tomonlama – kapitalistik Rossiya uchun asosan xom ashyo yetkazib beradigan qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi (paxtachilik) hisobiga rivojlanib borganligini tasdiqlaydi.
Chorizmning agrar siyosati yerga bo’lgan xususiy mulkchilikni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilar edi. 1913 yilda oblastda sug’oriladigan barch yerlarning qariyb 90 protsenti xususiy yer egalari qo’lida edi. XIX asrning oxiri va XX asrning boshlaridan e’tiboran oblast rayonlarini xo’jalik jihatidan ixtisoslashtirish jarayoni jadallashdi.
Samarqand aholisining qariyb 80 protsenti savdo va hunarmandchilikdan tashqari, qishloq xo’jaligi bilan ham shug’ullanar edi. Dehqon xo’jaliklarining tovar-pul munosabatlariga tortilishi tufayli ular o’z yerlaridan mahrum bo’ldi.
Senator Palenning (1909-1912) reviziyasi shuni ko’rsatdiki, Samarqand oblastining 7 rayonida yersiz va kambag’al xo’jaliklar oblast dehqon xo’jaliklari umumiy yeri bo’lgan o’rta hol xo’jaliklar 27 protsentni va 5 desyatinadan 30 desyatinagacha yeri bo’lgan yirik xo’jaliklar 14.4 protsentini tashkil qilar edi. Ana shu 7 rayondagi 13609 desyatina unumli yerdan 20.4 protsenti kambag’al xo’jaliklarga, 17.9 protsenti o’rta hol xo’jaliklarga va 61.7 protsentni iyrik xo’jaliklarga qarashli edi.
7 rayondagi 2 428 dehqon xo’jaliklari ish hayvonlari bilan quyidagicha ta’minlangan edi: 568 xo’jalik (23.9 protsent) bir boshdan molga, 397 xo’jalik (16.1 protsent) ikki boshdan molga, 787 xo’jalik (32.4 protsent) 3-4 bosh va undan ko’proq molga ega edi. 676 xonadon (27.6 protsent) umuman hech qanday ish hayvoniga ega emas edi; bu gruppa asosan mardikorlar va chorakorlardan iborat edi. Renta miqdori katta bo’lganligi sababli kambag’allar va o’rta hol dehqonlar o’z oilasini boqish va xo’jalikni yuritishga qodir emas, sanoat sust rivojlanganligi sababli shahardan ish topolmas edilar. Shuning uchun qishloq xo’jaligidan ajralib keta olmagan bunday dehqonlar chorakorga, batrakka aylanar, boylar va sudxo’rlarga qarzdor bo’lib qolishardi. K.Marks qayd qilganidek, “Sudxo’rlik ishlab chiqarish usulini o’zgartirmaydi, lekin unga parazit singari mahkam yopishib olib, uni holdan toydirguncha madorini quritadi. U ishlab chiqarishning bor-yo’g’ini so’rib oladi, uning tinkasini quritadi va tobota achinarli sharoitlarda takror ishlab chiqarishga amal qilishga majbur etadi”.
Paxtachilikning o’sishi bilan kreditning o’ziga xos shakli – yer va undan olinadigan paxta hosili hisobiga qarz berib turish tez rivojlana boshladi. Samarqandning bank bo’limlari paxta uchun kreditlar berib turdi. Komissionerlar firmalardan avanslar olib, ularni dehqonlarga berishardi. Protsent to’lanishi lozim bo’lgan veksellar butun summaga yozilardi, to’lashda esa bo’lib-bo’lib to’lanardi. Dehqon har safar pul to’layotganida komissionerga yoki firmaning biron kichik xizmatchisiga alohida qo’shimcha protsentni qo’shib to’lar edi. Aravakashlar, paxta tashuvchilar va sotib olish punktlaridagi qabul qiluvchilar ham paxtakorlar hisobiga yashar edilar. V.I.Leninning ta’biri bilan aytganda, “dehqonlarning pul egalariga qaramligi albatta tutqunlik shaklini oladi”.
Samarqand Rossiyaga qo’shilganidan keyin hayotning barcha sohalarida – ijtimoiy, maishiy, madaniy sohalarda yuzaki qaraganda uncha ko’zga tashlanmaydigan, lekin kapitalizmning boshlang’ich bosqichlari negizida shahar hayoti rivojlanishining ob’yektiv qonunlariga bog’liq bo’lgan muhim o’zgarishlar yuz berdi. Kapitalistik ishlab chiqarish usulining elementlari va unga muvofiq bo’lgan kapitalistik munosabatlar shahar hayoti bag’rida shakllana boshladi, ammo umuman Samarqand tipik feodal shahri bo’lib qolaverdi.
Samarqandga temir yo’l o’tkazilgunga qadar hunarmandchilik ishi aholining keng iste’mol mollarga bo’lgan ehtiyojini ta’minlovchi ishlab chiqarishning asosiy turi bo’lib hisoblanar edi. Hunarmandlar uyda yoki bozor territoriyalarida, shuningdek, markaziy ko’chalarda joylashgan do’konlar va ustaxonalarda ishlar edilar.
Turli manbalarning ma’lumotlariga ko’ra, O’rta Osiyo Rossiyaga qo’shib olingan dastlabki yillarda Samarqandda 1610 ta turli ustaxona, shu jumladan, 827 ta to’qimachilik, 15 ta shoyi to’qish, 42 ta bo’yoqchilik, 162 ta etikdo’zlik, 63 ta egar-jabduq ishlaydigan, 37 ta kulolchilik, 26 ta tikuvchilik, 42 ta duradgorlik, 77 ta duradgorlik va temirchilik, 12 ta cho’yan qo’yish, 4 ta g’isht pishirish, 34 ta yog’-sham va sovun pishirish, 30 ta ko’n pishirish va boshqa ustaxonalari bor edi.
1888 yildayoq Samarqandda har yili 632698 so’mlik mahsulot ishlab chiqaradigan 1130 ta o’rta darajadagi hunarmandchilik ustaxonasi, 110 240 so’mlik mahsulot ishlab chiqaradigan 172 ta mayda ustaxona, 115050 so’mlik mahsulot ishlab chiqaradigan 1969 ta mayda hunarmandchilik muassasasi bor edi.
O’sha yili Samarqand oblastida vino qiladigan, spirt tozalaydigan va pivo pishiradigan 6 ta zavod bo’lib, shulardan 3 tasi shaharning o’zida joylashgan edi. 28 ta g’isht pishiradigan, 57 ta kulolchilik, 35 ta sovun pishiradigan, 27 ta sham tayyorlaydigan korxona va 270 ta qushxonadan Samarqandda turli tip va kattalikdagi 10 ta g’isht zavodi, 10 ta kulolchilik, 20 ta sovun sovun pishiradigan, 10 ta sham tayyorlaydigan, 46 ta qushxona bor edi. Bu korxonalarning hammasi tova mahsuloti ishlab chiqarishar edi. V.I.Lenin: “bu taraqqiyotga yordam bergan sharoit borgan sari kuchli ta’sir qilgan bo’lsa kerak, chunki keyingi har o’n yilda korxonalar tobora ko’proq ochilgan. Bu hol dehqonlar o’rtasida tovar xo’jaligining tarqqiy qilishi, dehqonchilikning sanoatdan ajralishi, umuman savdo-sotiq bilan sanoatning o’sishi kuchli ekanligini yaqqol ko’rsatib bermoqda. Biz: “dehqonchilikning sanoatdan ajralish” deymiz, bunga sabab shuki, bunday ajralish dehqonlarning sanoatchilardan ajralishlaridan oldin yuz beradi: bozorga mol ishlab chiqaradigan har qanday korxona dehqonlar bilan sanoatchilar o’rtasida ayirboshlashning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Demak, bunday korxona ochilishi bilan dehqonlar o’z uylarida mol ishlab chiqarmay qo’yadilar va demakki, bunday molni bozordan sotib oladigan bo’ladilar, sotib olish uchun esa dehqon qishloq xo’jalik mahsulotini sotmog’i kerak. Shunday qilib, savdo-sanoat korxonalarining ko’payishi bilan jamiyat o’rtasida mehnat taqsimoti ham tezroq bo’ladi, bu esa tovar xo’jaligi va kapitalizmning umumiy negizidir”.
Rus va chet el kapitalining O’rta Osiyoga, shu jumladan, Samarqandga ham kira borishi bilan hunarmandchilik ishlab chiqarishining ahvoli keskin o’zgardi. Rossiya markaziy rayonlaridan fabrika-zavod buyumlarining Samarqandga ko’plab keltirilishi natijasida hunarmandchilik ishlab chiqarishi sekin-asta siqib chiqarila boshladi. Masalan, mahalliy ustalarning igna ishlab chiqarishi tugatildi, mahalliy to’qimachilik ishlab chiqarish hajmi ancha qisqardi. Yangi iste’mol buyumlariga bo’lgan talabning kuchayishi va yangidan-yangi ehtiyojlarning orta borishi natijasida mahalliy aholi zamshadan buyumlar tikadigan, soat sozlaydigan ustaxonalar, turli bo’yoqlar ishlab chiqaradigan korxonalar, mebel-oboy tayyorlaydigan va darpardalar tikadigan ustaxonalar, rassomlik, rom, mebel ishlab chiqaradigan, bochkasozlik, slesarlik, oynasozlik ustaxonalari, taxta arralaydigan, ustaxonalar ocha boshlashdi; fotograf kabi kasblar paydo bo’ldi.
Hunarmandchilik evolyutsiyasi bilan bir qatorda, uning markazlashish jarayoni ham yuz beradi. Masalan, 1888 yilda yillik ishlab chiqarish qiymati 1 459 305 so’mga barobar bo’lgan turli tipdagi 5605 ta hunarmandchilik korxonasidan barcha korxonalarning 52.4 protsenti va oblastda bir yilda ishlab chiqariladigan yalpi mahsulot qiymatining 29 protsenti yirik ustaxonalar va fabrika-zavod tipidagi korxonalar hissasiga to’g’ri kelar edi.
1892 yilda hunarmandchilik ishlab chiqarishi mahsulotinign qiymati 3 145 620 so’mga, fabrika-zavod korxonalari ishlab chiqargan yalpi mahsulotning qiymati esa 3 054 697 so’mga yetdi. Binobarin, hunarmandchilik va sanoat ishlab chiqarishi barcha mahsulotlarining 51.2 protsenti fabrika-zavod tipidagi korxonalar hissasiga to’g’ri kelar edi. Lekin 1913 yildayoq ahvol keskin o’zgardi. Endi hunarmandchilik korxonalari hissasiga atigi 1 814 377 so’m (15.2 protsent), fabrika-zavod korxonalarining hissasiga esa 10 129 773 so’m yoki butun oblast yillik mahsulotining 84.8 protsenti to’g’ri kelar edi.
Metropoliya fabrika va zavodlariga jo’natiladigan paxta, teri va boshqa mahsulotlarga dastlabki ishlov beradigan korxonalarning o’sishi va rivojlanish jarayoni Zakaspiy temir yo’li qurilganidan keyin kuchaydi. Bu yo’l 1888 yilda Samarqandgacha yetkazilgan edi. V.I.Leninning so’zlariga ko’ra, Zakaspiy temir yo’li “kapital uchun O’rta Osiyoni ocha boshladi”.
1888-1896 yillar mobaynida Samarqand ana shut emir yo’lning pirovard punkti bo’lib, bu esa shaharning yanada rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega edi. Temir yo’l o’tkazilishi tufayli o’lkadagi boshqa shaharlar orasida Samarqand birinchi bo’lib Butun Rossiya bozoriga borish yo’liga ega bo’ldi va Rossiya kapitalizmi doirasiga tezroq qo’shila boshladi. Agar 1880 yilgacha Samarqand territoriyasida paxta, teri va uzumni dastlabki ishlaydigan atigi 5 ta zavod bo’lgan bo’lsa, 1914 yilga kelib sanoat korxonasi 55 taga yetdi, bularda 1820 ishchi ishladi. 1890 yilda oblastdagi 28 ta sanoat korxonasida hammasi bo’lib 373 ishchi ishlagan bo’lsa, 1914 yilda esa oblastning 117 korxonasida 2814 yollanma ishchi, shu jumladan, paxta tozalash zavodlarida 1002 kishi (35.6 protsent) ishlar edi. Oblastdagi vino ishlab chiqaradigan 28 ta zavoddan 20 tasi Samarqandda joylashgan bo’lib, bularda 453 kishi ishlar edi. Ishchilarning asosiy qismini mahalliy millat kishilari tashkil qilar edi. Chunonchi, Turkiston o’lkasidagi barcha vino zavodlarida ishlayotgan 2645 ishchidan 427 tasi ruslar edi, mahalliy millat kishilari 2150 kishini va boshqa millat vakillari 68 losjo tashkil qilar edi. Shahar korxonalaridan 230 ta xotin-qiz (shu jumladan, 107 kishi mahalliy millat xotin-qizlari) va 129 ta o’smir ishlar edi.
Samarqand ishchilarining turmush sharoiti juda og’ir edi. Chunonchi, Samarqand oblastidagi paxta tozalash zavodlarining 1002 ishchisidan 331 tasi zavodlarning kazarmalarida yashar edilar. Bu joylarda elementar sanitariya va gigiyena sharoitlari ham yo’q edi. Ish kuni sutkada 10-16 soatgacha davom etar edi. Ish haqi past bo’lib, yiliga o’rta hisobda 180 so’mni tashkil qilar edi. Vaholanki, Rossiyada ish haqi yiliga 288 so’mga yetar edi. Korxonalarda texnika xavfsizligiga rioya qilinmas, bu esa ko’pincha baxtsiz hodisalarga olib kelardi.
XX asrning boshlarida, Rossiya imperialism bosqichiga qadam qo’yganida, Turkiston o’lkasida bir tomondan, sanoat ishlab chiqarishi rivojlana boshladi, ikkinchi tomondan esa uning asosiy ishlab chiqarishi rus kapitalistlari va mahalliy burjuaziya qo’lida markazlasha boshladi. Masalan, Medvedchikovning Samarqanddagi pivo zavodida 1900 yilda 40 kishi ishlar edi. 1905 yilda 80 kishi, 1908 yilda 175 kishi, 1913 yilda 305 kishi (bulardan 190 kishi mavsumiy ishchi edi) ishladi. 1900 yilda bu zavod 99 000 so’mlik mahsulot ishlab chiqargan bo’lsa, 1913 yilga kelib 400 000 so’mlik mahsulot tayyorladi. Samarqand oblastidagi 37 ta paxta tozalash zavodidan 3 tasi Bolshaya Yaroslavskaya manufaktura aktsionerlik jamiyatiga, 3 tsi qog’oz manufakturasi aksionerlik jamiyatiga, 2 tasi O’rta Osiyo sanoat shirkatiga, bittasi Yu.Fayzulov va Ko shirkatiga mansub edi.
Shunday qilib, Rossiyaga qo’shilish natijasida Samarqandda burjua munosabatlari tarkib topdi va rivojlana boshladi. Ijtimoiy mehnat taqsimoti kuchaya borishi va tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi bilan hunarmandchilik ishlab chiqarishi asta-sekin tushkunlikka uchray boshladi. Xonavayron bo’lgan kosiblar va hunarmandlar fabrika va zavodlarga, temir yo’lga va konchilik sanoatiga borib ishlashga majbur bo’ldi va ayni vaqtda proletariat saflarini to’ldirdi. Butun Turkiston singari Samarqandning Rossiyaga qo’shib olinishining ham progressiv tomoni shunda bo’ldiki, Rossiya XX asrning boshiga kelib jahon proletariat revolyutsion kurashining markazi aylandi. Turkiston proletariati esa ishchilarning ilg’or otryadi bo’lgan bolsheviklar partiyasi rahbarligida rus revolyutsion proletariatidek o’zining qudratli ittifoqchisiga ega bo’ldi.