Nafas qisishi

Nafas qisishi, hansirash nafas olish tezligi, chuqurligi va maromining buzilishi, odatda, havo yetishmasligi bilan kechadi. Fiziologik va patologik xillari tafovut qilinadi. Fiziologik Nafas qisishi jismoniy ish qilayotganda organizmning kislorod ehtiyoji oshishi natijasida paydo bo’ladi. Nafasning chuqurlashuvi va tezlashuvi tufayli organizmga o’pka orqali kiradigan kislorod miqdori Nafas qisishida 2-3 barobar ko’payadi. Ayni vaqtda organ izmdan nafas bilan ortiqcha karbonat angidrid gazi ham chiqiriladi. Havodagi kislorod miqdori odatdagidan ancha kam bo’ladigan balandlikka ko’tarilganda, tashqi muhit temperaturasi oshganda va sh. k. hollarda Nafas qisishi ro’y beradi. Odam o’z ixtiyoriga ko’ra, ya’ni ongli ravishda nafasning tezligi va chuqurligini o’zgartirishi mumkin. Patologik Nafas qisishi – ayrim kasallik holatlarida yuz beradi. Markaziy Nafas qisishi nafasning idora qilinishi buzilganda yoki bosh miyadagi nafas markazi zaharlanganda, organizm, masalan, uxlatadigan dorilar yoki narkotik moddalardan zaharlanganda sodir bo’ladi. O’pkaga aloqador Nafas qisishi ko’krak qafasi shikastlanganda, o’pka kuchli zaharlanganda (o’pka yallig’lanishi, sil, bronxiol astma, o’pka emfizemasi va boshqalar) kuzatiladi. Nafas qisishining bu turi nafas chuqurligi va tezligining buzilishi, aksari nafas chiqarishning qiyinlashishi, teri va shilliq qavatlarining ko’karib ketishi, bo’yin venalarining bo’rtib chiqishi, yuz ko’karishi bilan o’tishi mumkin. O’pkadan bo’ladigan Nafas qisishi hatto ozgina jismoniy harakat qilganda ham kuchayadi. Yurakka aloqador Nafas qisishi yurak kamchiligida ro’y beradi, bunda teri ko’karib ketishi, oyoq-qo’llar sovuq qotishi mumkin. Jismoniy ish qilganda bunday Nafas qisishi keskin kamayadi. Odatda, bo’g’ilib qolishgacha olib keladigan Nafas qisishi bronxial astma va yurak astmasida kuzatiladi. Nafas qisishi avj olganda bemorning ko’kragini qisib turgan kiyimini yechish, nafas olishini yengillatish uchun o’rniga o’tkazib qo’yish, u yotgan xona derazasini ochib, zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak. O’pkaga bog’liq holda Nafas qisishi bilan kechadigan kasalliklarning oldini olishda organizmni muntazam chiniqtirish, jismoniy mashqlar va nafas gimnastikasi bilan shug’ullanish, nafas yo’llarining yuqumli va allergik kasalliklarini o’z vaqtida davolatish, to’g’ri ovqatlanish, semirishga yo’l qo’ymaslik lozim.