Narx shakllanishi

Narx shakllanishi – tovarlar va xizmatlarga belgilangan naxrning bir qator omillar ta’sirida yuzaga kelishi jarayoni. Umumiy ma’noda — Narx shakllanishiga davlat organlari (soliq, kredit va iqtisodiy siyosatning boshqa ko’rinishlari orqali) hamda iqtisodiy faoliyat sub’yektlarining o’zlari ta’sir ko’rsatadi. Tor ma’noda — firmalarning o’z narx strategiyasini ishlab chiqishi. Narx shakllanishining 3 asosiy — erkin, ma’muriy va aralash tiplari mavjud. Erkin Narx shakllanishi talab va taklif asosida yuzaga keladi. Barcha tovarlar va xizmatlar narxlarining bevosita ma’muriy belgilanishi ma’muriy, erkin va ma’muriy Narx shakllanishining turli nisbatlarda qo’llanilishi aralash Narx shakllanishi deb yuritiladi. Narx shakllanishi jarayoni tovar ishlab chiqaruvchi firmadan boshlanib, bozor narxi o’rnatilgach, tugallanadi. Narx shakllanishining bozor real sharoitiga asoslangan 5 asosiy qoidasi mavjud; xarajatlarni qoplash qoidasi — narx darajasi tovarlar sotilganda firmaning tovarlarni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari to’la qoplanib, tadbirkorga minimal foydani ta’minlashi kerak. Agar bu qoida amal qilmasa, firma zarar ko’radi yoki tadbirkor xech bir daromad olmay o’z ishini to’xtatadi. Xarajatlarni qoplash zarurati narxning eng quyi chegarasini belgilaydi va narxning bundan past bo’lishi iqtisodiyot uchun maqbul emas; foydani maksimallashtirish qoidasi — narx o’rtacha xarajatlardan yuqori qilib belgilanishi, tovar shu narx bilan sotilganda iqtisodiy foyda olinishi kerak. Firma o’z tovariga narx qo’yganda foydani maksimallashtirishni mo’ljallaydi. Foydani maksimallashtiruvchi narx, odatda, monopollashgan bozorda amal qiladi; raqobatda engish qoidasi — belgilangan narx darajasi xaridorlarni o’ziga og’dirib, raqibni bozordan siqib chiqarish imkonini berishi zarur. Buning uchun oddiy tovarlar narxi vaqtincha past belgilanadi, foyda kamayadi, lekin yo’qotilgan foyda raqobatda yengish uchun xizmat qiladi. Mazkur qoida nufuzli tovarlar narxini yuqoriroq belgilanishini bildiradi, chunki ularning xaridorlari puldor tabaqa hisoblanadi; peshqadamlik qoidasi — turdosh (o’rinbosar), ya’ni bir xil ehtiyojni qondiruvchi tovarlar narxi peshqadam firma belgilagan narxga binoan shakllanadi. Boshqa firmalar narxni peshqadam narxini mo’ljalga olib unga yaqin qilib belgilaydi. Bu qoida odatda oligopoliya bozorida amal qiladi. Bunday bozorda firmalar ozchilik bo’lib narxlarni bir-biriga yaqin belgilagan holda, asosan, sifat va servis bilan raqobatlashadi. Narx quyi va yuqori chegara oralig’ida shakllanadi. Agar quyi chegarani xarajatlarni qoplash zarurati belgilasa, yuqori chegarani iste’molchilarning xarid qobiliyati belgilaydi. Narx yuqori chegaradan chiqib ketsa xaridorlarning puli yetmay, tovarlar sotilmaydi, quyi chegaradan past bo’lsa firmalar zararga uchrab, yopilib ketadi. Narx shakllanishining eng muhim talabi uning bozor sharoitiga moslanishi va o’zgaruvchan bo’lishidir. Narx belgilashga davlatning aralashuvi bozor qoidalariga zid. Shu sababli davlat bozor narxlarini erkinlashtirib, bozor qoidasidan tashqarida yuzaga ke ladigan monopol narxlarni chegaralab turadi. Ahmadjon O’lmasov.