«Najot»

«Najot» — jadidlar gazetasi. Turkistondagi o’zbek jadid matbuotining Nodir nashrlaridan biri. Rossiyadagi 1917 yil Fevral Inqilobidan so’ng Turkiston o’lkasida o’rnatilgan muvaqqat hukumat tomonidan nashr etilgan. Jami 20 soni chiqqan. Muharriri Munavvarqori bo’lgan. «Najot» Fevral inqilobi tufayli barham topgan mustabid chor tuzumini keskin tanqid qilgan, Fevral inqilobiga xayrixoxdik bildirgan, Turkiston xalqlarini, qaysi millatga mansublikdan qat’i nazar, jipslashishga, sinfiy ayirmaga bormaslikka, mustaqil davlat barpo qilishga da’vat etgan. «Najot»da davrning ko’zga ko’ringan qalamkashlaridan Kamiy (shoir), Mahmudxo’ja Behbudiy, Xolmuhammad Oxundiy, Mirmulla Shermuhamedov, Mirmuhsin Shermuhamedov, Abdulla Avloniy, To’lagan Xo’jamiyorov (Tavallo), Laziz Azizzoda, Abdulla Qodiriy, Shokirjon Rahimiy, Rauf Muzaffarov va boshqa hamkorlik qilganlar. Ad.: Ziyo Said, O’zbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927); Tanlangan asarlar, T., 1974; Pidaev T., Matbuot — millat chirog’i, T., 1999.