Namangan shahri haqida eshitganmisiz?

Namangan shahri haqida eshitganmisiz? – Namangan oblastining markazi. Shahar Farg’ona vodiysining shimoliy qismida, tog’ etagidagi tekislikka joylashgan. Namangan haqidagi dastlabki ma’lumotlar Boburning “Boburnoma” asarida (XVI asr oxirlariga to’g’ri keladi) tilga olinadi. Tarixiy manbalarda bu yerlarga XVI asr oxirlarida bosqinchilik vaqtida qo’lga tushirilgan asir forslar keltirilgani haqida ma’lumotlar bor. Toponimning kelib chiqishi to’g’risida turli fikrlar bayon etilgan. Shahar nomini A.Vamberi Namang “marjon” so’zi bilan bog’lab “marjon koni” deb izohlaydi. A.Juvonmardiyev Namangan – Nomiy gon “aziz va nomdor kishilar shahri” degan fikrni bildiradi. H.Hasanov toponimning ikkinchi qismi Gon “suv, daryo” deb taxmin qiladi va Namakgon – “sho’r suv, mineral suv, moyli suv (ehtimol neft)” deb izohlaydi. Nomning birinchi qismi namak so’zi bilan aloqador bo’lib, “sho’rloq, botqoqlik, sho’r yer” degan ma’noni bildiradi. Namak geografik termin sifatida turkiy xalqlarning ko’pchiligida uchraydi. (Masalan: Boshqirdiston ASSRda Namag shahri bor). Toponimning ikkinchi qismi O’rta Osiyo toponimiyasida keng tarqalgan kant “qishloq” so’zi bilan aloqadordir. Namakant so’zining Namangan bo’lishi fonetik jihatdan qonuniydir. Chunki so’z o’rtasida K tovushi intervokal holatda jaranglashadi, ya’ni g (k-g) ga aylanadi. So’z oxirida (yoki bo’g’in oxirida) ikki undosh qator kelishi o’zbek tili uchun xos emas. Natijada Kant so’zidagi T tovushi tushadi (bunday hodisa uchraydi. Masalan, Toshkan, Samarqan). Shunday qilib, Namangan asli Namankant bo’lib, “sho’rloqdagi, botqoqdagi qishloq”dir.

Fikr bildirish