«Namangantekstil» aktsiyadorlik jamiyati

«Namangantekstil» aktsiyadorlik jamiyati – «O’zbekyengilsanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi yirik to’qimachilik korxonasi. Korxonada, asosan, paxta tolasidan kalava ip, sur (xom) va tayyor gazlamalar, noto’qima matolar hamda xaridorlar buyurtmasi asosida tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanadi. Korxona 1967 yilda Namangan shoyi va kostyumbop gazlamalar kombinati nomi bilan ishga tushirilgan. 1974 yilda O’zSSR 50 yilligi nomidagi «Namangan shoyi ishlab chiqarish» birlashmasi deb nomlandi. 1994 yilda birlashma ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. 1998 yildan hozirgi nomda. «Namangantekstil» aktsiyadorlik jamiyati viskoza, lavsan tolalar va ularning aralashma tolalaridan ko’ylakbop, plashbop gazlamalar, sun’iy ip gazlamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. Chetdan sun’iy tolalarni xarid qilish imkoniyatlari cheklanganligi sababli kombinatda 1997 yildan boshlab paxta tolasidan mahsulot ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Korxona tarkibida yiliga 6,3 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan 1-va 2-yigiruv fabrikalari, yiliga 28,1 million metr sur va 28,5 million metr tayyor gazlama ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan to’quv fabrikasi, gul bosish-pardozlash fabrikasi, Haqqulobod shahridagi tikuv fabrikasi bor. 1997 yilda Germaniyaning «Truchler», «Grossenxayner», «CSM» firmalarining zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan 2-yigiruv fabrikasi ishga tushirildi va jahon bozorida raqobatbardosh ip gazlamalar tayyorlana boshladi. Janubiy Koreya va Turkiya davlatlariga paxta kalava ip eksport qiladi. Aktsiyadorlik jamiyatida 5 mingga yaqin ishchixizmatchilar mehnat qilmoqda. 2002 yilda 6 ming tonna kalava, 22 million metr sur gazlama, 21,9 million metr tayyor gazlamalar, 320 ming metr noto’qima matolar ishlab chiqarildi.