Namibiya
Namibiya (Namibia), Namibiya Respublikasi (Republic of Namibia) — Afrikaning Janubiy-g’arbiy qismida joylashgan davlat. Maydoni 825,4 ming km2. Aholisi 1,8 million kishi (2002). Poytaxti — Vindxuk shahri. Ma’muriy jihatdan 13 tuman (district)ra bo’linadi. Davlat tuzumi. Namibiya — respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1990 yil 9 Fevralda qabul qilingan, unga keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (1990 yildan Sem Nuyoma). Konstitutsiyaga binoan u umumiy to’g’ri ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi, yana bir muddatga qayta saylanishi mumkin. Ammo Konstitutsiyaga 1998 yilda kiritilgan tuzatishga muvofiq Sem Nuyoma uchun prezident lavozimida bo’lish muddatini cheklash bekor qilindi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — ikki palatali parlament (Milliy Assambleya va Milliy kengash). Ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi. Prezident bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlaydi. Tabiati. Namibiyaning qirg’oq chizig’i tekis. Yer yuzasining aksari qismi balandligi 900-1500 metr yassitog’lik bo’lib, daryo vodiylari va tektonik botiqlar mavjud. Eng baland joyi 2600 metr (Brand- Berg tog’i). Yassitog’likning Sharqiy va shimoliy chekkalari qiya, g’arbiy chekkasi esa sohil bo’yi tekisligi — Namib cho’liga tik tushgan. Namibiyaning markazi va Janubdagi keng bukilma quyi kembriy yotqiziqlari bilan to’lgan. Foydali qazilmalardan mis, germaniy, qo’rg’oshin-vanadiy, marganes, qalay, volfram konlari bor. Oltin, kumush, uran rudalari, oltingugurt, rux, sohildan va dengizning sohilga yaqin qismidan olmos ham qazib olinadi. iqlimi tropik, juda quruq. Eng issiq oyi — yanvarning o’rtacha temperaturasi 18— 27°, eng salqin oyi — iyulniki 12-16°. Yillik yog’in sohilda 10-15 mm, shimoli- sharqida 500 — 700 mm. Ko’pgina daryolarida faqat yomg’ir yoqqan vaqtda suv oqadi. Yirik daryolari: Oranj, Zambezi va kunene. Namibiya hududining ko’p qismida tropik cho’l va qizg’ish qo’ng’ir tuproq. Namib cho’lida o’simlik juda siyrak. Yassitog’liklar kserofit butazorlar bilan qoplangan. Balandroq joylar chala cho’l va cho’l savannasidan iborat. Hayvonlardan endemik kemiruvchilar, hasharotxo’rlar, naytish yashaydi. Viverralar, kiyik, sirtlon uchraydi. Hayvonlarning ayrim turlari faqat milliy bog’lar va qo’riqxonalarda saqlanib qolgan, milliy bog’larning eng kattasi — Etosha milliy bog’i. Aholisi. Namibiya tub joy aholisining aksari qismi bantu tillari oilasiga mansub elatlardan iborat. Gottentot, tog’lik damara va bushmenlar ham yashaydi. yevropaliklar aholining 7%ni tashkil etadi. Rasmiy tili – ingliz tili. Aholining 90% xristianlar, qolgan qismi mahalliy an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Shahar aholisi 25%. Yirik shaharlari: Vindxuk, Uolfish-Bey, Sumeb, Kitmansxup, Ochivarongo. Tarixi. Qadim zamonlarda Namibiya hududida ovchilik va yovvoyi daraxt mevalarini terish bilan shug’ullanuvchi bushmenlar, ko’chmanchi chorvachilik bilan shug’ullanuvchi gottentotlar hamda tog’lik damaralar yashagan. Taxminan 16-asrdan Namibiya hududiga bantular (gerero, ambo, Kavango, yeye, tsvana va boshqalar) kirib kela boshladi. Gererolarning asosiy mashg’uloti chorvachilik bo’lgan. 18-asr oxirlarida ularni dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanuvchi ambolar Janubga surib yubordi. Namalar bilan tog’lik damaralar (gottentotlarning bir guruhi) esa mamlakat Janubda o’rnashib oldi. 19-asr boshlarida kap mustamlakasidan ko’chib kelgan orlamlar ko’pgina gerero qabilalarini o’zlariga bo’ysundirib oldi. Hozirgi Namibiya sohiliga dastlab 1484 yilda portugal dengizchilari kelib tushganlar, shundan so’ng bir necha asrgacha yevropaliklar bu yerlar bilan deyarli qiziqmaganlar. Faqat 1802 yildan inglizlar Oranj daryosidan shimolroqda o’zlarining dast-Vindxuk shahri ko’chalari dastlabki missiyalarini tuzdilar. 1878 yilda Buyuk Britaniya Okaxanjada qal’a qurib, Uolfish-Bey atrofini o’z mulki deb e’lon qildi. 1884 yilda Germaniya Namibiya hududini Germaniya Janubiy-G’arbiy Afrikasi (JG’A) nomi bilan o’zining protektoratiga aylantirdi. Mustamlakachilar o’z hukmronligini o’rnatishda afrikalik qabila boshliqlarining o’zaro adovatidan foydalandilar. Gottentot, mbanderu va koua qabilalari mustamlakachilarga eng ko’p qarshilik ko’rsatdilar. 1 -jahon urushi davri (1914-18)da JG’Ani Janubiy Afrika Ittifoqi (Jai) bosib oldi. Urushdan keyin u Millatlar Ligasi ixtiyoridagi mandatlar tarkibiga kiritildi. 1920 yilda JG’Ani boshqarish mandati JAIga berildi. Shu vaqtdan JAIdagi irqiy tartiblar JG’Aga ham joriy bo’ldi. 1925 yilda JG’Ada qonun chiqaruvchi Assambleya tuzilib, deputatlikka faqat oq tanlilar saylandi. 2-jahon urushi (1939-45)dan keyin barcha mandat hududlari BMTning xalqaro vasiyligi tarkibiga kiritilishiga qaramay, Jai (1961 yildan – JAR) JG’Ani BMT vasiyligiga berishdan bosh tortib keldi. 1949 yilda esa bu hududni Jarning viloyati deb e’lon qildi. 1946 yildan JG’A masalasi BMTning turli organlarida muhokama qilinib, jarning JG’Aga nisbatan mustamlakachilik siyosati qoralandi. 1966 yilda Bosh Assambleya qabul qilgan rezolyusiyada JG’A xalqining o’z taqdirini o’zi hal qilish va mustaqillikka bo’lgan huquqlari qayd qilindi, JG’Ani boshqarish uchun JARga berilgan mandat bekor qilinib, bundan keyin bu hududni boshqarish BMTga yuklatildi. 1967 yilda JG’Ani boshqarish uchun BMTning maxsus Kengashi tuzildi va komissar tayinlandi (ammo 1990 yilgacha Namibiyani JAR boshqardi). 1968 yilda BMT Bosh Assambleyasi JG’A xalqining istagini hisobga olib, JG’A nomini Namibiya deb atash to’g’risida qaror qabul qildi va BMTga a’zo davlatlarni namibiyalik vatanparvarlarga yordam berishga da’vat etdi. 1960 yilda tuzilgan SVAPO , (Janubiy- G’arbiy Afrika xalq I tashkiloti) tub joy aholining milliy ozodlik harakatiga boshchilik qildi. 70-yillarning oxirlaridan bu tashkilotning faolligi kuchaydi. U Namibiyaga darhol mustaqillik berilishini va demokratik xalq hukumati tuzilishini talab qildi. Nihoyat, 1990 yil 21 martda Namibiya mustaqil deb e’lon qilindi va Namibiya Respublikasi deb yuritila boshladi. Namibiya — 1990 yildan BMT va Afrika birligi tashkiloti a’zosi. 1991 yil 25 dekabrda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 21 mart — Mustaqillik e’lon qilingan kun (1990). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Janubiy-G’arbiy Afrika xalq tashkiloti (SVAPO), partiya, 1960 yilda asos solingan; Turixalle demokratik alyansi, partiya, 1977 yilda tuzilgan; demokratlar Kongressi, partiya, 1999 yilda tashkil etilgan; Birlashgan demokratik front, 1989 yilda tuzilib, 1993 yilda partiyaga aylantirilgan. Namibiya ishchilari milliy Ittifoqi kasaba uyushma birlashmasi, 1971 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Namibiya konchilik sanoati rivojlangan agrar mamlakat. Konchilik sanoati Namibiya iqtisodiyotining negizidir. Yalpi ichki mahsulotda konchilik sanoati 21,6%, qishloq xo’jaligi va baliqchilik 15,4%, qayta ishlash sanoati 6,2%ni tashkil etadi. 20-asrning 90-yillarida har yili salkam 800 ming karat olmos, 1600 kilogramm oltin, 90 tonnadan ziyod kumush, 72 ming tonna rux, 33 ming tonna mis, 35 ming tonna qo’rg’oshin, shuningdek, ko’p miqdorda uran rudalari, kalay, Marganes, volfram, vanadiy, oltin-gugurt qazib olindi. Rangli metallurgiya korxonalari qurilgan. Yiliga o’rtacha 1 milliard kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Vindxuk, Sumeb va UolfishBeyda yirik issiklik elektr stansiyalari bor. Kunene daryosida 320 MVt kuvvatga ega bo’lgan GES qurilgan. Konchilikka bog’liq bo’lmagan ishlab chiqarish sanoati unchalik yaxshi rivojlanmagan. Chetdan keltirilgan qismlardan mashina va uskunalar yig’adigan zavodlar, yog’ochsozlik korxonalari, baliq uni va konservalari ishlab chiqariladigan zavodlar, tyulen yog’ini qayta ishlaydigan fabrika, oziq-ovqat, yengil sanoat korxonalari mavjud. Qishloq xo’jaligida mexanizatsiyalashgan yirik tovar fermer (asosan, chorvachilik) xo’jaliklari ustun. Qorako’lchilik asosiy o’rinni egallaydi. Qoramol ham boqiladi. Mamlakat hududining 46% o’tloq va yaylovlar bilan band. Yerlarning atigi 1% sun’iy sug’orishsiz ekin ekishga yaroqli. Bug’doy, makkajo’xori, tariq, supurgi, sabzavot yetishtiriladi. Dengiz bo’yi aholisi baliqchilik bilan shug’ullanadi. Temir yo’llar uzunligi 2,4 ming kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi 41,9 ming kilometr, shundan qattiq qoplamali yo’llar — 4,5 ming kilometr. Dengiz portlari: Uolfish-Bey, Lyuderis. Vindxuk yaqinida xalqaro aeroport bor. O’z mahsulotining eksport qilinadi. Sanoat va iste’mol tovarlariga bo’lgan ehtiyojning 80% import hisobiga qondiriladi. Chetga mineral xom ashyo (olmos, uran, turli metallar), chorvachilik mahsulotlari (go’sht, go’sht konservalari, baliq) chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, keng iste’mol mollari, qurilish materiallari keltiradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: JAR, Buyuk Britaniya, AQSh. Pul birligi — Namibiya dollari. Zamonaviy tibbiyot va maorif tizimlari endigina yo’lga qo’yila boshladi. Vindxukda texnika kolleji bor. Ilmiy muassasalari: Vindxukda ilmiy jamiyat, Me’morlik instituti, Uolfish-beyda ekologiya tadqiqoti departamenti, Vindxukda qishloq xo’jaligi departamenti. Vindxukda xalq kutubxonasi, Arxiv va uning kutubxonasi, Davlat muzeyi, Svakop-mund va Lyuderis shahrida muzey bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Namibiyada nashr etiladigan asosiy gazeta va jurnallar: «Algemayne tsaytung» («umumiy gazeta», nemis tilida chiqadigan kundalik kechki gazeta, 1915 yildan), «Namib tayme» («Namib vaqti», ingliz, nemis, afrikaans va portugal tillarida haftada 2 marta chikadigan gazeta, 1958 yildan), «Namibian» («Namibiyalik», ingliz tilida chiqadigan gazeta, 1985 yildan), «Nyu ira» («yangi davr», ingliz tilida haftada 2 marta chiqadigan hukumat gazeta), «Republikeyn» («Respublikachi», afrikaans, ingliz va nemis tillarida chiqadigan kundalik gazeta, 1977 yildan), «Namibiya Tudey» [«bugungi Namibiya», ikki haftada 1 marta Luanda (Angola)da chiqadigan jurnal, 1977 yildan], «SVAPO informeyshn Bulletin» («SVAPO axborot byulleteni», oyiga 1 marta chiqadi). Namibiya axborot agentligi (NAMPA) 1987 yilda tashkil etilgan. Namibiya radioeshittirish korporatsiyasi, radioeshittirish va teleko’rsatuv Mahkamasi, 1979 yilda tuzilgan. Xalq san’ati. Namibiya hududidan qadimgi qoya rasmlari topilgan. Ular ma’dan bo’yoqlar bilan yoki o’yma usulda bajarilgan. Bir necha ming yillar avval bushmenlar va ularning ajdodlari chizgan bu rasmlarda xilma-xil hayotiy voqealar (ov va jang manzaralari, diniy marosimlar, afsona qahramonlarining ishlari) tasvirlangan. 1907 yilda Brandberg tog’i yaqinidagi Maak g’oridan topilgan qoya naqshi jahonga mashhur bo’lib, miloddan avvalgi 2-ming yillikning o’rtalariga mansubligi aniqlandi va u «oq ayol» deb nomlandi. Namibiyada an’anaviy turar joylar ibtidoiy (doira shaklidagi devorlari o’t, shox-shabba, hayvon terilari bilan yopilgan) chaylalardan iborat. Chayla o’rtasiga ustun qo’yilib, tomi poxol bilan yopiladi. Namibiyada badiiy xunarmandchilik (kulolchilik, kashtachilik), metalldan qurol, zeb-ziynat (taqinchoq va hokazolar) yasash keng tarqalgan.