Napoleon urushlari

Napoleon urushlari – Napoleon konsulligi (1790-1804) va imperatorligi (1804-14, 1815) davrida Frantsiya olib borgan urushlar. Napoleon urushlari bosqinchilik xarakterida bo’lgan. Frantsiya Napoleon harbiy diktaturasi o’rnatilgan vaqtda (1799) 1789-99 yillarda tuzilgan 2-antifrantsuz koalitsiya (Rossiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Turkiya, Neapol qirolligi va boshqalar) bilan urush holatida edi. 1800 yil Rossiya ittifoqchilar bilan kelisha olmay koalitsiyadan chiqqan. Natijada 2-koalitsiya rasman o’z faoliyatini tugatgan. Faqat Buyuk Britaniya urushni davom ettirgan. 1805 yil 3-antifrantsuz koalitsiyasi (Buyuk Britaniya, Avstriya, Shvesiya, Rossiya) tashkil topgan. Shu yili ingliz floti admiral Nelson rahbarligida Birlashgan ispan-frantsuz flotini tor-mor qilgan. Biroq Napoleon quruqlikda katta muvaffaqiyatga erishgan. U Austerlis yaqinidagi jangda (1805 yil 2 dekabr) Rossiya-Avstriya qo’shinlarini og’ir talafotga uchratdi. Avstriya Frantsiya bilan sulh tuzishga majbur bo’lgan (1805 yil 26 dekabr). Rossiya va Buyuk Britaniya, Prussiya bilan Shvetsiya qo’shilib 4-antifrantsuz koalisiyasi vujudga kelgan (1806 yil sentabr). 1806 yil oktabrda Prussiya frantsuz qo’shinlari tomonidan bosib olingan. 1807 yil iyunda Napoleon I Fridland ostonasida rus qo’shinlarini yenggan. 1809 yil Buyuk Britaniya bilan yana ittifoq tuzgan (5-antifrantsuz koalitsiyasi) Avstriya qushinlarini tor-mor keltirgan. Napoleon imperiyasiga xal qiluvchi zarba Rossiyada berilgan. M. I. Kutuzov qo’mondonligida rus armiyasining kurashi natijasida Napoleonning «Buyuk armiyasi» mag’lub bo’lgan. Rossiyadan chekinayotgan frantsuzlarga qarshi Yevropa mamlakatlarida ozodlik urushi boshlanib ketgan. 1813 yil Fevralda Prussiya Rossiya bilan ittifoq tuzgan. Bu ittifoq 6-antifrantsuz koalitsiya (Rossiya, Buyuk Britaniya, Prussiya, Shvetsiya, Avstriya va boshqalar)ning tashkil topishiga asos bo’lgan. Shu yili Leypsig jangida Germaniya ozod qilindi. 1814 yil mart oxirida ittifoqchilar armiyasi Parijni ishg’ol qilgan. Aprelda Napoleon 1 taxtdan voz kechishga majbur bo’lgan (6 aprel) va u elba oroliga surgun qilingan. 1815 yil 1 martda Napoleon I 1000 kishilik otryad bilan oroldan chiqib Parijga yurish qilgan va 20 martda qayta taxtga o’tirgan. Lekin, Yevropa davlatlari uni tan olmaganlar. 25 martda Rossiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Prussiya o’rtasida Napoleon Frantsiyasiga qarshi ittifoq (7-anti-frantsuz koalitsiyasi) tuzilgan. 18 iyunda Napoleon armiyasi Vaterloo jangida ingliz-pruss qo’shinlari tomonidan tor-mor keltirilgan. 22 iyunda Napoleon taxtdan voz kechgan. 1815 yil 20 noyabrda ittifoqchilar bilan Frantsiya o’rtasida Parij sulh shartnomasi imzolanib, unga ko’ra Burbonlar hokimiyati yana qayta tiklangan. Shodmonqul Pirimqulov.