Narkoz

Narkoz (Yunoncha narkosis — karaxtlik) — sun’iy yo’l bilan (ba’zi kimyoviy moddalar va boshqa omillar ta’sirida) hosil qilinadigan chuqur uyqu holati, bunda kishi hech narsani sezmaydi, ixtiyoriy xarakat qila olmaydi, es-hushi butunlay yoki qisman yo’qoladi. Tibbiyotda xirurgik operasiya vaqtida og’riqsizlantirish (anesteziya) maqsadida qo’llanadi. Amerikalik xirurg Uorren birinchi bor efir Narkozi bilan operatsiya qilgan (1846). Dastlab Narkoz uchun faqat efir va xloroformszm foydalanib kelingan. Kimyo fanining rivojlanishi tufayli Narkoz holatini paydo qiladigan turli xil moddalar kashf etildi. Narkozni vujudga keltiradigan narkotik moddalarning bemor organizmiga yuborilish usuliga qarab ingalyatsion (nafas yo’llari orqali), noingalyasion (nafas yo’llaridan boshqa yo’llar bilan) va kombinatsiya Narkoz (narkotik moddalar ikki va undan ko’p usul bilan yuborilganda) farq qilinadi. Ingalyatsion Narkozda efir, flyu-otan, tsiklopropan va boshqa moddalarning bug’i hidlatiladi, bunda maxsus apparatlardan foydalaniladi. Narkotik moddalarni kislorod bilan aralashtirib yuborish nafas yo’llarini har xil asoratlardan saqlaydi. Venaga yuborib paydo qilinadigan Narkozda, asosan, uyqu dorilari — barbiturat kislota hosilalari ishlatiladi. Bu usulning afzalligi shundaki, bemor tez uxlab qolib, hech nimani sezmaydi. Suyak ichiga, to’g’ri ichakka, teri ostiga, muskul orasiga qilinadigan Narkoz kamdan-kam qo’llanadi. Ko’pincha vena Narkozi bilan ingalyatsion Narkoz birgalikda amalga oshiriladi. Bunda Narkoz berish narkotik moddalarni venaga yuborishdan boshlanadi, bemor uxlab qolgach, ingalyatsion Narkoz berishga o’tiladi. Narkoz vaqtida nafasni vaqtincha to’xtatib turadigan dori-darmonlar va nafas olishni bajaradigan maxsus Narkoz apparatlarining qo’llanilishi Narkoz berayotgan vrach — narkotizator (anesteziolog)ga bemor organizmining barcha funktsiyalarini idora etish imkoniyatini beradi. Shu tufayli o’pka, yurak, yirik tomirlar va bosh miyani bemalol operatsiya qilish mumkin. Turli kimyoviy moddalar yuborib paydo qilinadigan Narkozdan tashqari maxsus ko’rsatma bilan elektronarkoz qo’llanadi.