Nargis, narsiss

Nargis, narsiss (Narcissus L.) — chuchmomadoshlar oilasiga mansub o’tlar turkumi. Piyozboshi ko’p yillik. Bargi nashtarsimon. Guli, odatda, sariq yoki oq, yakka yoki gulband uchida bir nechtadan joylashgan. Gulko’rg’oni tsilindrsimon nayli, qo’ng’iroqsimon yoki kosachasimon tojli. Mevasi etli ko’sakcha. Ko’pincha, O’rta dengiz rayonlarida o’sadigan 30 ga yaqin (boshqa ma’lumotga ko’ra 60 tacha) turi bor. O’zbekistonda 2 ta turi uchraydi: Nargis pseudonarcissus L. — soxta yoki sariq Nargis, gulqo’rg’on barglari oq. Bachki (soxta) toji sariq, chin tojbarglariga nisbatan ancha qisqa. Nargis poeticus L. — nafis yoki oq Nargis. Har ikkala turi ko’p yillik, piyozli, manzarali usimlik hisoblanib, aprel oyida gullaydi. Ba’zi turlarining gullarida xushbo’y efir moyi, piyozboshida alkaloidlar mavjud.