Nasaf, Naxshab

Nasaf, Naxshab — Qarshi vohasida, Qashqadaryoning quyi oqimi bo’ylarida joylashgan o’rta asr shahri va viloyati nomi. Nasaf shahri Qarshi shahridan 8 kilometr shimoli- G’arbdagi Shulluktepa shahar xarobasi o’rnida bo’lgan. 7-8-asrlarda Nasafda ot tasviri, G — belgisi va turkiy chehra hokim rasmi tushirilgan mis tangalar zarb qilingan. 8-asrning 2-yarmidan bu tangalar Fels deb atalgan. Arablar istilosidan so’ng Nasaf viloyatning ma’muriy Markazi bo’lgan. Nasaf o’rta asrlarda 3 qismdan — Ark, Shahriston va raboddan tashkil topgan, mudofaa devori bilan o’ralgan, 4 ta darvozasi — Buxoro, Samarqand, Kesh va Gubdin darvozalari bo’lgan. 10-asrda Ark xarobaga aylanib, hayot keng rabodda davom etgan. Hokim uyi va qamoqxona Daryo bo’yidagi Rasal qantara — ko’prik boshi degan erda joylashgan, jome masjidi rabodda, Gubdin darvozasi oldida bo’lgan, shahar bozor bilan hokim uyi oralig’ida joylashgan. 14-asrda Nasaf Qarshi nomini olgan. Ad.: Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.