Nasafiy, Abu al-Muti’

Nasafiy, Abu al-Muti’ (? – Nasaf — 930) — shoir. Hayoti va ijodiga oid ma’lumot kam. Arab tilida ijod qilgan. Bizgacha «al-Lu’luiyyot Fi-l-mavoiz» («Mav’izalar durdonalari») asarigina etib kelgan. Asar ibratomuz hikoyatlar, pand-nasihat, axloq mavzuidagi she’rlar, hikmatlardan iborat. Ularda to’g’rilik, halollik, rostgo’ylik, yaxshilik, ilmga intilish g’oyalari ulug’langan. Bu asar badiiy adabiyotda didaktik yo’nalishning shakllanishida, axloqiy-siyosiy yo’nalishdagi «Siyosatnoma» (Nizomul- mulk), «Qobusnoma», «Qutadg’u bilig», «Xibat ul-haqoyiq», «Qissai Rabg’uziy» kabi asarlarning yaratilishida muhim rol o’ynagan. Uni Ma’mud ibn Hasan ibn qozi Oraj «Mayamin ut-tarjuman va munis ul-inson» («tarjimon saodati va inson do’sti») nomi bilan fors tiliga tarjima qilgan (1935). 1868 yilda forsiydan o’zbekchaga «Munis ul-inson» («Insonlar do’sti») nomida o’girilgan nusxalari Sankt-Peterburgdagi Rossiya milliy kutubxonasida saqlanadi. Ad.: Ravshanov P., Adabiy sahifalar, T., 1985.