Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad

Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad (1069-1142) — tarixchi, faqih, tilshunos, muhaddis, mufassir olim. Uning musulmon qonunshunosligiga doir «al-Manzumat an-nasafiya fil-xilofiyot» («kelishmovchiliklar borasida Nasafiyning nazmiy asari»), «Aqoid an-Nasafiy» («Nasafiy aqoidi»), shariat qonunlari va Qur’oni Karim sharhiga doir «al-Yavoqit fil-mavoqit» («qulay vaqtlar xususida yoqutlar»), 3 kitobdan iborat (100 bosma taboq hajmida) «taysir Fit-tafsir» («tafsir etishdagi qulayliklar»), shuningdek, tasavvufga doir «Risolayi Najmiya» kitobi bizgacha yetib kelgan bo’lib, ular yetarli tadqiq etilmagan. Musulmon olamida Abu Hafs Nasafiy asarlariga qiziqish qadimdan katta bo’lgan. Uning «al-Manzumat un- nasafiya» asariga zamondoshi Alouddin Abulmujohid Muhammad Samarqandiy (vafoti 1157 yil) «Xasrul masoil va kasrud-Daloyil» («masalalarning cheklangani va dalillar kasri») deb nomlangan tafsir bitgan. Sohibqiron Amir Temur davri olimlaridan Sa’duddin Mas’ud ibn Umar Taftazoniy (vafoti 1390) Nasafiy asarlariga «sharhi aqoyid un- nasafiya» nomli tafsir yozgan. N.ning «al-kand fiy zikri ulamoi Samarqand» [«Samarqand ulamolari xotirasiga doir qand(dek shirin) kitob»] nomli asari, asosan, samarqandlik mashhur kishilar hayoti va faoliyati hamda ular rivoyat qilgan hadislarga bag’ishlangan. Unda Movarounnahr tarixi, toponimikasi hamda Islom tarixiga doir muhim ma’lumotlar mavjud. Asarga kiritilgan mashhur shaxslar tarjimai holi Arab alifbosi tartibida joylashtirilgan bo’lib, uning bizgacha yetib kelgan qo’lyozma nusxasining «xo»dan «kof» harflarigacha bo’lgan qismigina saqlanib qolgan. Shunday bo’lsada, bu asar mustaqil yurtimiz o’tmishiga doir bo’lak manbalarda uchramaydigan ma’lumotlarga ega ekanligi boisidan nihoyatda muhimdir. «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti Nasafiyning ushbu asarining qisqartirilgan holdagi O’zbekcha tarjimasini «Samarqandiya» nomi ostida chop etgan (2001).