Nasafiy Aziziddin

Nasafiy Aziziddin (taxallusi; to’liq nomi Aziziddin ibn Muhammad Nasafiy) (?, Nasaf — 1263, Yazd, Abarko’h) — shoir, tasavvuf falsafasining yirik vakili. Shayx Kubro ta’limoti va Muhyiddin ibn Arabiy tariqatini o’zaro bog’lagan Kubraviya mashoyixlaridan biri. Dastlab Nasaf, so’ng Buxoro madrasalarida ta’lim olgan. Asosan, falsafa va hikmatni o’rgangan, tib ilmida ham yuksak mahoratga ega bo’lgan Nasafiy Aziziddin 1243— 51 yillar Xurosonda yetuk oriflardan bo’lmish Sa’diddin Hamaviy (Hamuya, 1191 -1252) bilan tanishishi natijasida tasavvuf yo’liga kirgan. Elxoniylar Buxoroga hujum qilganda (1272), u yerdan Bahrobod (Xuroson)ga ketgan, Isfahon va Sheroz safaridan so’ng Yazdning Abarko’hida maskan tutgan. Nasafiy Aziziddin fors tilida ijod qilgan. «Insoni komil» asari Nasafiy Aziziddin risolalarining majmuasi ham deb yuritiladi. 1 muqaddima va turli mavzularga bag’ishlangan 22 risoladan iborat. Undagi risolalarning kupi «manozil Us-soyirin» («yo’lovchilar qo’nalg’asi»)ning ba’zi nusxalarida uchraydi. Ushbu asar 556 sahifa bo’lib, irfon va hikmatlarga oid nozik tushunchalardan bahs yuritadi. Irfon va hikmat masalalari va asosi haqida yana «Bayot ut-tanzil» nomli kichik va muxtasar kitobi ham bor. Nasafiy Aziziddinning bildirishicha, uning fikr va aqidalari faqat «maqsad ul-Aqso» («So’nggi maqsad») asarida ifodalangan. Asar 8 fasl, 8 bob va 1 xotimadan iborat. Shuningdek, Nasafiy Aziziddinning «Zubdat ul-haqoyiq» («haqiqatlar qaymog’i»), «usul va furu'» («ildizlar va butoqlar»), «Mabda’va ma’od» [«asl makon va (unga) qaytish»], «Miftoh ul-Asror» («sirlar kaliti»), «nafsi insoniy», «vahdati vujud» va boshqa kitoblari chet ellarda chop etilgan. Olam va odam birligi ta’limoti Nasafiy Aziziddin asarlarining mohiyatini tashkil etadi. Nasafiy Aziziddin ijodi Arab, ingliz, nemis, fransuz, turk, hind, rus olimlari tomonidan tadqiq etilgan. Qo’lyozma nusxalari Vena, Leyden, London, Kalkutta, Dushanba, Istanbul, Sankt-Peterburg, Tehron shaharlari kutubxonalarida, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi. «Zubdat ul-haqoyiq» asari N. Komilov tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan. Ad.: Muhammad Nosir. Nasaf va Kesh allomalari, T., 2001. Habib Abdunazar.