Nasr

Nasr (Arabcha — ko’mak, zafar), Proza — adabiy tur; vazn va qofiya singari she’riyatga xos unsurlarga ega bo’lmagan yozma nutq mahsuli. Yevropa xalqlari adabiyotida bo’lganidek, Sharq xalqlari adabiyotida ham Nasr yozma nutq shakli sifatida she’riyatga nisbatan kechroq paydo bo’lgan. 5-8-asrlarga oid Urxun-Yenisey yodgorliklarini turkiy xalqlar adabiyotidagi Nasrning eng qadimgi namunalari, deb hisoblash mumkin. She’riyatning rivojlanishi «Qutadg’u bilig» (Yusuf xos Hojib) va «Hibat ul-haqoyiq» (Ahmad Yugnakiy) kabi dostonlarning yaratilishi bilan birga 10-12-asrlarda Abdulmuayyad va Abuali Balxiylarning «Shohnoma», Abdulmuayd Balxiyning «Gershaspnoma», Homididdin Balxiyning «Makrmati Homidiy», Saidaddin Muhammad Avfiy Buxoriyning «Javome ul-hikoyot va lavome’ur-rivoyot» («hikoyalar to’plami va rivoyatlar yolqini») singari nasriy asarlari vujudga keldi. 14- asr boshlarida Rabg’uziyning «Qisasi Rabg’uziy», Navoiyning «Mahbub ul-qulub» singari nasriy asarlari, ayniqsa, «Boburnoma»ning yaratilishi bilan o’zbek adabiyotida milliy Nasrning asosiy qirralari nurlanib ketdi. Ammo shunga qaramay, hozirgi tushunchadagi Nasrning taraqqiyoti bevosita 20-asr bilan — zamonaviy adabiyotning shakllanish va rivojlanish davri bilan bog’liq. Xuddi shu davrda tom ma’nodagi o’zbek badiiy Nasri yaratildi va u adabiy tur sifatida o’z shoxobchalariga ega bo’ldi. 20-asr boshlarida vaqtli matbuotning paydo bo’lishi, gazeta va jurnal sahifalarida Cho’lponning «Qurboni jaholat», «do’xtir Muhammadyor», Qodiriyning «Juvonboz», «Uloqda» singari hikoyalarining yaratilishi, Hamzaning «yangi saodat», S. Ayniyning «Buxoro jallodlari», «odina» qissalari, Qodiriyning «o’tgan kunlar» romanining e’lon qilinishi bilan zamonaviy Realistik o’zbek Nasri uzil-kesil shakllandi. Bu Nasr mumtoz o’zbek adabiyotidagi Nasrdan dastavval ijobiy va salbiy qahramonlar obrazi, syujet va kompozitsiyasi, badiiy konfliktga egaligi, hayotiy yoki afsonaviy-fantastik voqealarni muayyan badiiy til va uslubda tasvirlab berganligi hamda badiiy qonuniyatlarga to’la rioya etib yozilganligi bilan farqlanadi. Agar nasriy nutq yangi paydo bo’lganida, she’riy nutq singari, jim-jimador va balandparvoz bo’lgan bo’lsa, 20-asrning 1-choragiga kelib, ortiqcha hashamlardan xoli bo’la boshladi, realistik tasvirning qonun-qoidalariga tobora bo’ysunib bordi. Nasrga jonli til xususiyatlari, prozaizm (maishiy turmush belgilari), dialektizm (shevachilik) unsurlari kirib keldi. Badiiy soddalik, tabiiylik, Real hayotga yaqinlashish mayli Nasrning asosiy mezonlariga aylandi. Shu bilan birga yozuvchilar Nasrning badiiy nutq ko’rinishi ekanligini ham unutmadilar. Ular xususiy ijodiy uslublari va yozilayotgan asar xarakteridan kelib chiqqan holda zarur ritm (ohang)ni tanlab, tasvir vositalaridan samarali foydalandilar va foydalanmoqdalar. Badiiy adabiyot so’z san’atidir. So’z Nasrda ham asosiy tasvir materiali bo’lib xizmat qiladi. Ammo u, she’riyatdagi so’zdan farqli o’laroq, kitobxonning diqqat-e’tiborini o’ziga qaratmaydi. Aniqroq aytganda, so’z Nasrda xarakterlar yaratuvchi, roman yoki hikoyadagi badiiy olamni tashkil etuvchi voqealar, harakatlar va boshqalarning, ya’ni asar syujetining badiiy mujassamlanishiga yordam beradi; so’z Nasrda tasvir vositasidir. Agar shoir (muallif) so’zi ustuvorlik qilgani va personaj so’zi ham shoir (muallif) so’zi bilan uyg’un bo’lgani uchun she’riyat monologik hodisa hisoblansa, Nasr dialogik hodisadir. U o’ziga rang- barang, hatto bir-biriga muvofiq bo’lmagan ovozlarni «yig’ib» oladi. Badiiy Nasrda Nosir (muallif), hikoyanavis va personajlarning ovozlari o’zaro murakkab aloqaga kirishib, so’zga serma’nolik, seryo’nalishlik xususiyatlarini bag’ishlaydi. Nasr, she’riyat singari, Real voqelikka o’zgacha tus berib, o’ziga xos badiiy olamni yaratadi. Nasr adabiy tur sifatida turli shoxobchalardan tashkil topadi. Bu shoxobchalar janr deb ataladi va quyidagicha tasniflanadi: ocherk, hikoya, qissa, roman, epopeya. Bu janrlarning har biri, o’z navbatida, yangi-yangi ko’rinishlarga bo’linadi. Masalan, tarixiy roman, biografik roman, psixologik roman, sarguzasht roman, ilmiy-fantastik roman va boshqalar. Nasr bilan nazm yoki she’riyatning o’zaro bir-biriga yaqin shakllari ham mavjud. Agar lirik proza yoki lirik Nasr, shuningdek, nasriy she’r Nasrning she’riyatga xos lirik tuyg’u va ohanglar ustuvorlik qilgan ko’rinishlari bo’lsa, sochma, sarbast she’r yoki erkin she’r she’riyatning Nasrga xos belgilariga ega shakllaridir. Agar Qodiriy, Cho’lpon yoki Oybek romanlarida lirik harorat va nafosat yog’dulari jilva berib tur-sa, Abdulla Qaxdor, shukur Xolmirzayev hikoyalarida shafqatsiz realizm unsurlari ko’zga yaqqol tashlanib turadi. Tog’ay Murod romanlari uslubida esa ritmik Nasr belgilari ustuvordir. Hozirgi o’zbek Nasr har tomonlama badiiy yuksaklikka erishgan va jahon Nasrining eng yaxshi tajribalari va an’analari bilan boyigan. Naim Karimov.