Nasrulloyi

Nasrulloyi – o’tmishda (16-asr) yashab ijod etgan mashhur bastakorning ismi (taxallusi)ga nisbat berib atalgan musiqiy asarlar nomi. Shashmaqomda Buzruk maqomi mushkilot bo’limida «Muhammasi Nasrulloyi» nomi bilan asosiy cholg’u qismlaridan biri sifatida o’rin olgan. Ushbu maqomning ashula bo’limida Nasrulloyi Nasr yo’lida yaratilgan sho»balardan biridir. U o’zining kuy qiyofasi jihatidan buzrukning boshqa sho’balaridan birmuncha farq qiladi. Ichki tuzilishi bo’yicha Nasrulloyi cholg’u muqadimma, daromad, mienxat, dunasr, Turk avji, tushirim kuy jumlalaridan tashkil topgan. Nasrulloyi sho’basi o’zidan so’ng keladigan 3 taronaga ega. Nasrulloyining bosh kuy mavzui boshqa sho’balarda namud sifatida ishlatiladi. Xorazm maqomlarida ham Buzruk maqomi aytish yo’lidan o’rin olgan bo’lib, Nasr sho’basi uslubida yaratilgan namunalardan. Toshkent — Farg’ona maqom yo’llari qatorida Nasrulloyi 5 qismli cholg’u kuylar turkumi sifatida ma’lum. Uning qismlari har xil vazn va doira usullariga tushirilgan bo’lib, ikkinchisi (chapandoz)ning ashula yo’li ham mavjud.