Nasrullo qushbegi

Nasrullo qushbegi (19-asr o’rtalari — 1918, Karmana) — mang’itlar davrida nufuzli saroy arbobi, qo’shbegi. Amir Abdulahad, hukmronligi davrida avval Shahrisabz hokimi, so’ngra saroyda xizmat qilgan. Buxoroda 1910 yil yanvar voqealaridan keyin Ostanaqul qo’shbegi o’rniga qo’shbegi ( bosh vazir) qilib tayinlangan. Said Olimxon hukmronligi davrida Nasrullo qushbegi mamlakatda amirdan keyingi nufuzli shaxs sifatida mamlakatning asosiy ishlari bilan shug’ullangan. Rus tilini yaxshi bilgani uchun Amir nomidan Rossiya imperiyasining Buxorodagi siyosiy agenti bilan bevosita muloqotlar o’tkazgan, bir necha marta Rossiyaga borgan. Nasrullo qushbegi Buxorodagi jadidchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaragan. Amir Olimxon tomonidan Buxoroda islohotlar o’tkazish to’g’risidagi Farmon qabul qilinishida muhim rol o’ynagan (1917 yil 7 aprel). Lekin Buxoroda 1917 yil aprel namoyishidan keyin Olimxon Nasrullo qushbegini jadidlarni qo’llab-quvvatlaganlikda ayblaydi va uni lavozimidan olib tashlab, o’rniga mutaassib Nizomiddin Urganjiyni qo’shbegi qilib tayinladi (1917 yil 15aprel). Nasrullo qushbegi Karmanaga jo’natiladi va mahbuslikda saqlanadi. U Kolesov voqeasidan keyin Amir Olimxonning farmoniga binoan, 17 kishilik oilasi va butun qarindosh-urug’lari bilan birga o’ldirilgan. Ad. H.Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Fitrat, Amir Olimxonning hukmronlik davri, T-, 1992; Xo’jaev F., Buxoro inqilobining tarixigamateriallar, T., 1997; Muhammad Ali Baljuvoniy, Tarixi nofeiy (foydali tarix), T., 2001. Qahramon Rajabov.