Nastarin

Nastarin, siren (Syringo) — Zaytundoshlar oilasiga mansub bargi to’kiladigan buta yoki daraxtlar turkumi; manzarali o’simlik. 30 turi bor, asosan, Yevrosiyoda tarqalgan. Juda ko’p mamlakatlarda ekiladi. O’zbekistonda oddiy Nastarin (S. vulgaris), fors Nastarin (S. persica), Xitoy Nastarin (S. chi-enensis) va boshqalar o’stiriladi. Bargi, asosan, oddiy, yaxlit, ba’zan kesik yoki patsimon qirqilgan. Guli mayda, rangi oq, pushti, qizil. Ikki jinsli, xushbo’y, to’pguli ro’vaksimon, barg yozishi bilan bir vaqtda gullaydi. Madaniy navlari gulto’plami uzunligi 25-30 santimetrgacha boradi. Tez o’sadi. Aprel—may (Janubiy rayonlarda), may—iyun (shimoliy rayonlar)da gullaydi. Mevasi ikki uyali ko’sak. Urug’idan, parxish usuli bilan va qalamchasidan ko’paytiriladi. Nastarinning turli-tuman navlari yaratilgan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika bog’ida Nastarinning dorivor va manzarali duragaylari, introduktsiya qilingan navlari yaratilgan. Fors Nastarin Toshkentda 2 marta (bahor va kuzda) gullaydi. Gulidan tayyorlanadigan ekstrakt parfyumeriya-kosmetika sanoatida, yog’ochi duradgorlikda ishlatiladi.