Nay

Nay — puflab chalinadigan musiqa asbobi. Sharq mamlakatlari, xususan O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Nay bo’ylamasiga va yonlamasiga ushlab chalinadi; yonlamasiga ushlab chalinadigan Naylar turi yetakchi hisoblanadi. Nayning eng qadimgi turi cho’pon Naydir. Tayyorlanish materialiga ko’ra turlicha nomlanadi: g-rov Nay, yog’och Nay, mis Nay va hokazolar. Mazkur naylarning diametri 20-30 millimetr va uzunligi 450-520 millimetr bo’ladi. Nay kanalining bir uchi (yuqorisi) tiqin bilan berkitiladi. Ana shu yuqorisiga yaqin yon tomonida puflanadigan teshigi hamda uning pastrog’ida 6 ta chalg’ich barmoq teshiklari bo’ladi. Bu teshiklar barmoqlar bilan to’la yoki yarim berkitish va puflash kuchini o’zgartirish natijasida 2,5 oktava diapazonidagi tovushqator hosil qilish mumkin. Barmoq bilan berkitiladigan teshiklarning qarama-qarshi tomonida tovushlar muvozanatini saklashga yordam beradigan 2 yoki 3 ta teshik ham bo’ladi. An’anaviy o’zbek va tojik cholg’u ansambllari tarkibida Nay yetakchi sozlardandir. Kuy boshlanadigan pardaga bog’liq holda Nayga moslab boshqa asboblar sozlangan. Shuning uchun naydagi barmoqchalg’ich teshikchalar berkitilish soniga qarab milliy sozandalar orasida «besh qo’l», «to’rt qo’l», «uch qo’l» deb nomlanuvchi sozlash turlari qo’llangan. Hozirda Nay asbobining o’rni yakkanavoz va jo’rnavoz soz sifatida yanada kengaydi, undan xalq cholg’u ansambllari va orkestrlarida foydalanishning yangicha usullari yuzaga keldi.