Neft kimyosi

Neft kimyosi — kimyo fanining bir bo’limi, neft va tabiiy gaz komponentlarining tarkibi, tuzilishi, xossalari va kimyoviy o’zgarishlarini, shuningdek, ularni qayta ishlash jarayonlarini o’rganadi. Neft kimyosi sohasidagi ilk tadqiqotlar 19-asrning oxirgi choragida (taxminan 1880 yil) boshlangan bo’lib, bu vaqtga kelib dunyo miqyosida neft quduqdaridan yiliga 4-5 million tonna neft chiqarilgan. Neftni termik krekinglash paytida ajralib chiqadigan gazlardan sintez yo’li bilan olingan izopropil spirt (1920, AQSh) Neft kimyosining sanoat mikyosidagi birinchi mahsuloti edi. 1950-1960 yillarda toshko’mirga nisbatan neft-gaz xom ashyolaridan organik sintezda ko’proq foydalanish Neft kimyosining kimyoviy-ilmiy tadqiqotlardan mustaqil yo’nalish sifatida ajralib chiqishiga sabab bo’ldi. Neft kimyosining bosh masalasi — neft va tabiiy gaz komponentlarini (asosan, uglevodorodlar, turli yonilg’ilar, surkov moylari, monomerlar, erituvchilar, sirt faol moddalar va boshqalar olishda qo’llaniladigan katta miqdordagi organik mahsulotlar) qayta ishlash jarayonlarini o’rganish va samarali usullarini topishdan iborat. Shu maqsadda Neft kimyosi neft uglevodlarining tarkibi, tuzilishi, xossalari, uglevodorodlar aralashmalari va neft tarkibidagi geteroatom birikmalarning o’zgarishini tekshiradi. Neft kimyosi muammolarni yechishda organik va fizik kimyo, matematika, issiqlik texnikasi, kibernetika va boshqa fanlarning usullari hamda yutuqlaridan kompleks foydalanadi.