Njamena

Njamena — Chad poytaxti. Shari daryosining o’ng sohilida, unga Logone daryosi quyilishida joylashgan. Shari-Bagirmi prefekturasining ma’muriy markazi. Iqlimi ekvatorial, mussonli iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 24°, iyulniki 27,7°. Yiliga 648 mm yog’in yog’adi. Aholisi 530,1 ming kishi (1990- yillar o’rtalari). Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Shaharga 1900 yilda Frantsiyaning Markaziy Afrikadagi hududlarining ma’muriy markazi sifatida asos solingan va komandir lami nomi bilan 1973 yilgacha Fortlami deb atalgan. 1920-58 yillarda Frantsiyaning Chad mustamlakasining ma’muriy markazi. 1958 yildan Chad muxtor Respublikasi, 1960 yildan mustaqil Chad davlati poytaxti. Njamenada president qarorgohi, Milliy Majlis, hukumat muassasalari va boshqalar joylashgan. Mamlakatning muhim iqtisodiy, savdo-moliya va madaniy markazi. Oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Paxta, chorva bilan savdo qilinadi. Universitet, milliy muzey bor. Me’moriy yodgorliklardan Katta masjid, sobor va boshqalar saqlangan.