Nemislar

Nemislar (o’zlarini Doyche deb ataydilar) — xalq, Germaniyaning asosiy aholisi (74,6 million kishidan ortiq). Umumiy soni 86 million kishi (1990-yillar o’rtalari), jumladan, Rossiya Federatsiyasida 843 ming kishi, Qozog’istonda 958 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Nemis tilida so’zlashadi. Dindorlari — Protestantlar (asosan, lyuteranlar) va katoliklar. Nemis xalqining etnik asosini milodiy 1-ming yillik o’rtalarida Reyn va Oder daryolari oralig’ida yashagan qadimgi german qabilalari: franklar, sakslar, bavarlar, alemannlar, tyuringlar, tevtonlar, kimvrlar qabilalari ittifoqlari tashkil etgan. Bu ittifoq namoyandalari 10-asrga kelib o’zlarini — «tevtonlar» deb atay boshlaganlar. Nemislar 9-asrda elat bo’lib shakllangan. Nemis xalqining shakllanishi jarayonida (12-13-asrlar) g’arbiy slavyan (polab) va bol-tiqbo’yi qabilalari (prusslar va ularga qardosh Litva qabilalari) ham qatnashgan. 1871 yilda Prussiya yetakchiligida Germaniyaning siyosiy va iqtisodiy birlashuvi nemis millatining shakllanishini, asosan, nihoyasiga yetkazgan. Nemislarning aksariyati yuksak rivojlangan sanoat va xizmat ko’rsatish sohasida band.