Neogen sistemasi
Neogen sistemasi (Davri), neogen (Neo… va Yunoncha genos — tutilish, yosh) — yerning geologik tarixida oxirgidan oldingi davrda yotqizilgan tog’ jinslari qatlami. Neogen sistemasi (Davri) kaynozoy guruhi (erasi)ga mansub bo’lib, paleogen sistemasi (davri)dan keyin va antropogen sistemasi (davri)dan oldin turadi. Izotop solnoma bo’yicha Neogen sistemasi (Davri) 25 million yil muqaddam boshlangan va 21,75 million yil davom etgan. 1833 yil Italiyada ingliz geologi Ch. Layel tomonidan 2 bo’lim — miosen (quyi) va pliosen (yuqori)ga bo’lingan. Dastlab uchlamchi sistemaning yuqori bo’limi sifatida ajratilgan. Neogen sistemasi (Davri) nomi 1853 yil avstriyalik geology M. Gyorness tomonidan taklif qilingan. Neogen sistemasi (Davri) hamma joyda miosen va pliotsen majmuasiga ajratiladi. Miosen dengiz va gipsli yotqiziqlaridan, Pliotsen esa gil qum yotqiziqlaridan iborat. Apennin va Bolqon yarim orollarida pliotsenda ko’plab vulkan qatlamlari uchraydi. Qora va Kaspiy dengizlari o’rnida Paleogen oxirida dunyo okeanidan ajralib qolgan havza mavjud bo’lgan. Pliotsen boshida qora va Azov dengizlari o’rnida Pont, keyinroq kimmeriy ko’li bo’lgan, Kaspiy dengizi esa kichikroq havza ko’rinishida qolgan. Pliosen oxirida katta dengiz transgressiyasi bo’lib, u okean bilan tutashdi. Kavkazda pliosenning qalin vulkanik qatlamlari vujudga keldi. O’rta dengiz serharakat o’lkasida Alp, Karpat, Bolqon, Atlas, Apennin, Kichik Osiyo, Kavkaz, Pomir, Himolay kabi baland tog’larning hosil bo’lishi yakunlandi. Janubiy-G’arbiy Osiyoda botiqlarda, asosan, continental yotqiziklar to’plandi. Tinch okean chekkalarida yirik burmalanish o’lkalari hosil bo’ldi. Neogen sistemasi (Davri)ning dengiz yotqiziqlari Tinch okeanning butun chekkalari bo’ylab tarqalgan, ular qalin cho’kindi vulkanogen qatlamlaridan iborat. Uning kattagina qatlamlari Markaziy Amerikadagi orollarda ham mavjud. 1968 yildan chuqur burg’ilash asosida dengiz va okean tubining neogen yotqiziqlari o’rganila boshlandi. Tog’larning o’sishi tog’lararo va chekka botiqlarning hosil bo’lishi bilan birga kechdi. Botiqlarning bukilishi jadallashib ular yuvilgan jinslar bilan to’ldirildi. Yer po’sti harakati natijasida cho’kindi qatlamlar siqilib burmalandi. Yoriklar bo’ylab yer yuzasiga chiqqan magma LAVA qatlamlari ko’rinishida vulkan konuslarini hosil qilgan (Apennin, kichik Osiyo, Bolqon yarim orollari, Kavkaz). Neogen sistemasi (Davri) oxirida ichki dengizlar (qora, Kaspiy, marmar, tirren va boshqalar)ning chuqur botiqlari vujudga keldi. Ular tubining tuzilishi okeanlarnikiga o’xshash. Indoneziyada keyinchalik orollarga aylangan suv osti gryadalari ko’tarildi, chuqur suv osti novlari va soyliklar hosil bo’ldi. Tinch okean chekkalarida materiklar sohilida tog’ sistemalari (Kordilera, and, Kamchatka, Yaponiya, Filippin, Yangi Gvineya) vujudga keldi. Markaziy Osiyodagi tog’lar ham shu davrda qosil bo’ldi. Ayni vaqtda Afrika va Osiyoda yoriklar bo’ylab yer po’stining chuqur Rift botiqlari va ularni o’rab turgan ko’tarilmalar shakllandi. Yoriklar bo’ylab siljish zilzila va vulkanizmni kuchaytirdi. Neogen sistemasi (Davri) yotqiziqlarining qalinligi tog’oldi va tog’oralig’i botiqlarida bir necha kilometrga yetadi. Qurg’oqchil o’lkalarda gips, kaliy va boshqa tuzlarning qalin qatlamlari vujudga kelgan. Antarktidada muzliklar Neogen sistemasi (Davri) boshida, shimoliy o’lkalarda esa neogen oxirida hosil bo’lgan. Kad-burmalanish o’lkalarida vertikal tektonik xarakatlarning neogenda faollashishi «epiplatformali orogenez» nomini olgan. Organik dunyosi. Neogen davri o’simliklarining ko’pgina turkum va turlari hozirgacha saqlanib kelmoqda. Shimoliy yarim sharda iqlim neogen boshida hozirgi davrga nisbatan ancha iliq va sernamroq bo’lgan. Sibirda keng bargli o’rmonlar, G’arbiy Yevropaning nisbatan shimoliy kengliklarida palma, dafna va boshqa daraxtlar o’sgan. O’rta Osiyo va Qozog’iston tekisliklarida hozirga o’xshashroq dasht va cho’l o’simliklari Neogen sistemasi (Davri) boshlarida ham mavjud bo’lgan. Neogen boshlarida Yevropa hududida quruqlikdagi fauna keskin yangilangan: xaltalilar, qadimgi vaxshiy hayvonlar o’lib bitgan. Ular o’rnida hozir ham yashab kelayotgan hayvonlarning ajdodlari paydo bo’lgan. Shimoliy va Sharqiy Afrikada kontinental yotqiziqlar orasidan maymun skeletlarining ayrim suyaklari topilgan. Hasharot va kemiruvchilarning yangi turkumlari paydo bo’ldi. Shimoliy Amerika sut emizuvchilari boshqalardan xoli rivojlandi. Neogen o’rtalarida yevropa va Osiyoning keng hududlarida dashtga xos hayvonlar tarqaldi. Neogen oxirida hozirgacha tropik mintaqalarda yashab kelayotgan ko’pgina hayvon turkumlari Yevropada yo’qolib ketdi. Janubiy Amerika Neogen sistemasi (Davri)da ko’p vaqt aloqida materik bo’lganligi uchun u yerda shimoliy yarim sharda uchramaydigan o’ziga xos fauna (xaltalilar, tuyokdilar, kemiruvchilar va yassi burun maymunlar) rivojlandi. Faqat pliosen o’rtalarida shimoliy Amerikadan ko’plab hayvonlar Janubga tomon siljidi. Avstraliya paleogen boshidan alohida bo’lib, u yerda yirik xaltalilar yashagan. Neogen sistemasi (Davri)ning dengiz faunasida plastinkajabralilar va qorinoyokli mollyuskalar, foraminiferalar ko’p va xilma xil bo’lgan. Ularning ko’plari qozirda ham yashab kelmoqda. Foraminifera va ostrakodalar muhim stratigrafik ahamiyatga ega. Neogen qatlamlari bilan ko’pgina foydali qazilma konlari bog’liq. Cho’kindi foydali qazilmalardan eng muhimi Yaqin va O’rta Sharq, Farg’ona, Kaliforniya, Karpatoldi va boshqa joylardagi tog’ oldi bukilmalarida neft va gazdir. Neogen yotqiziqlarida qo’ng’ir kumir va lignit ham ko’p uchraydi. Oltingugurt, tuz (O’rta Osiyo), titan, qalay, rutil, tsirkoniyning sochma konlari bor. Simob, qo’rg’oshin, rux, surma va boshqa elementlar koni intruziv va effuziv jinslar bilan bog’liq. Okeanlarda neft va gaz qumgilli shelflarda (Meksika qo’ltig’i, O’rta dengiz, bering dengizi va boshqalar) uchraydi. Avstraliya shimoliy-sharqidagi shelfda mahsuldor qatlam miosen rifiga mansub. Temir-marganesli konkretsiyalari ham istiqbolli. Ad.: Xain V. E., Ronov A. B., Baluxovskiy A. N., Neogenovie litologicheskie formasii kontinentov, 1979.