Neotektonika

Neotektonika (Neo… va tektonika), eng yangi tektonika — tektonikaning yerning hozirgi relefi asosiy qiyofasini shakllantirgan turli strukturalar, yer po’sti rivojlanishning tarixi va tektonik harakatlarini o’rganuvchi bo’limi. Bu jarayonlar yer po’sti tuzilishida yangi struktura shakllarini vujudga keltirib, qadimda paydo bo’lgan strukturalarni faollashtirgan. 1937 yil rus olimi S. S. Shuls birinchi marta «eng yangi tektonika» istilohini taklif etdi. U Tyanshan tog’lari hozirgi relefining vujudga kelishini eng yangi tektonika jarayonlari bilan izohladi. 1948 yilda Geologlar Neotektonikani geologiyaning mustaqil bo’limi qilib ajratishni taklif qildilar. 1950 yilda olimlar tektonik harakatlar kuchaygan davr (neogen-antropogen davri)ni yer po’sti rivojlanishining mustaqil eng yangi tektonik bosqichiga ajratdilar. Yer po’sti turli struktura elementlari —materik platformalari, orogenez zonalari, hozirgi geosinklinal oblastlar, tafrogenezda eng yangi tektonik harakatlar faolligining kuchayishi bir vaqtda kechmagan (kechki Oligosen, neogen, antropogen). Bu eng yangi tektonik bosqichning quyi chegarasi masalasi bo’yicha olimlar o’rtasida bahsga sabab bo’ldi. Neotektonikada tektonik jarayonlarni o’rganishda turli metodlar (tarixiy-geologik, tektonik va geomorfologik, geofizik, tarixiy-arxeologik, biogeografik) va boshqalardan foydalaniladi. Neotektonikaga doir turli regionlarning har xil masshtabdagi xaritalari nashr qilingan. Neotektonikaning nazariy masalalarini ishlab chiqish amaliy vazifalar — muhandislik inshootlari (to’g’on, port va boshqalar) loyihalash va qurish, suv ta’minoti, neft va gaz quvurlarini yotqizish, konlarni qidirish, zilzilalarni bashorat qilish bilan chambarchas bog’liq.