Nepal

Nepal (Nepal), Nepal Qirolligi (Nepal Adhirajya) — Janubiy Osiyoda, Himolay tog’ining Markaziy qismida joylashgan davlat. Maydoni 140,8 ming km2. Aholisi 25,87 million kishi (2002). Poytaxti — Katmandu shahri. Ma’muriy jihatdan 14 zona (zone)ra, zonalar tuman (district)larga bo’linadi. Davlat tuzumi. Nepal — konstitutsiyali monarxiya. 1990 yil 9 noyabrda qirol tomonidan e’lon qilingan Konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshlig’i — qirol (2001 yildan Gyanendra bir Bikram Shoh dev). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol va ikki palatali parlament (Vakillar Palatasi va Milliy kengash), ijroiya hokimiyatni qirol va bosh vazir boshchiligidagi Vazirlar Kengashi (hukumat) amalga oshiradi. Tabiati. Nepal hududining aksar qismini Himolay tog’lari egallaydi. Shimoli-g’arbdan Janubi-sharqqa tomon 2 tog’ tizmasi cho’zilgan. Nepalning shimoliy va Sharqiy chegaralarida Jomolungma (Everest, yer yuzidagi eng baland cho’qqi, 8848 metr) va Kanchenjanga (8585 metr) tog’lari joylashgan. Oldingi tizmalar ancha past (Mahabharata, 2959 metrgacha, Sivalik, 2277 metrgacha). Tog’lar oralig’ida ko’pgina vodiy va havzalar bor. Ularning eng kattasi — Katmandu vodiysi. Janubda Hindgang tekisligining shimoliy chekkasi yotadi. Iqlimi baland mintaqaga xos subekvatorial mussonli. Janubda yanvarning o’rtacha temperaturasi 15°, soyliklarda 0-10°, 4 ming metrdan yuqorida yilning ko’p vaqtida temperatura manfiy. Iyulning temperaturasi Janubda 30°, soyliklarda 20°, 4,5—5 ming metr balandliklarda 10°. Janubiy tog’ etaklari va yon bag’irlarida yiliga 2000 mm dan ortiq, soyliklarda 1500 mm dan kam yog’in tushadi. Daryolari jo’shqin, katta gidroenergiya zaxirasiga ega. Yirik daryolari: karnili, Gandak, Kosi, Baghmati. Himolay etaklari va Janubiy yon bag’irlarida musson iqlimli o’rmonlar, botqoqliklarda changalzorlar, qiyaliklarning o’rta qismida doim yashil o’rmonlar, 3 ming metrdan yuqorida igna bargli o’rmonlar, 4 ming metrdan yuqorida changalzorlar, subalp va alp o’tloqlari bor. Hayvonot dunyosi boy va xilma-xil. Changalzorlarda fil, yo’lbars, leopard, karkidon, to’ng’iz, turli maymunlar, qushlardan to’tiqush, tovus uchraydi. Zaharli ilon ko’p. Tog’larda Himolay ayig’i, qor qoploni, arxar va yovvoyi echkilar yashaydi. Lantang, sagarmatha, Chitauen milliy bog’lari bor. Aholisi hind va Tibet-Xitoy tili oilasining 60 til va shevasida so’zlashadi (shundan 14 tasi o’z yozuviga ega). Asosiy xalqi nepallar (52,3%) mamlakatning markazi va Janubi-g’arbida yashaydi. Maytxillar, bxojpurlar, tamanglar, txarular, nevarlar ham bor. Davlat tili — Nepal tili. Aholining 90% ga yaqini hinduilikka e’tiqod qiladi, 7,5% budda, 2% ga yaqini islom dinida. 10%ga yaqin aholi shaharlarda istiqomat qiladi. Yirik shaharlari: Katmandu, Biratnagar, Patan, Bxaktapur. Tarixi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning o’rtalarida tog’ etaklaridagi changalzorlarda videx, Shakya, malla, lichchhavlarning qabila birlashmalari yashagan. Mezolit davrida tog’ vodiylariga negr-avstraloid va mongoloid qabilalari (nevar, kirati va boshqa xalqlarning ajdodlari) kelib o’rnashgan. Milodning dastlabki asrlarida Nepal (Katmandu) vodiysida Nevar davlati paydo bo’lgan. U hind madaniyati ta’sirida rivojlangan, Tibet va Xitoy bilan aloqa o’rnatgan. 15-asrda nevar bir necha mayda davlatlar (Bhadgaon, Patan, Katmandu, jumla, palpa va boshqalar)ga bo’lingan. Nepalning Sharqiy qismida birlashgan kirati va Limbu qabilalari joylashgan edi. Hindistondan Nepalga ko’plab hind-oriy aholisining ko’chib kelishi (12-asr) va ularning mahalliy magar, gurung va boshqa qabilalar bilan aralashib ketishi natijasida kxaskura (hozirgi Nepal) tilida so’zlashuvchi kxas xalqi shakllana boshladi. 15-16-asrlarda kxaslar Nepal hududida eng yirik etnik guruhga aylandi. 16-17-asrlarda kxasmagarlarning Gurkh davlati kuchaydi. Uning hukmdori RAM Shoh (1605-32 yillar hukmronlik qilgan) hokimiyatni markazlashtirish maqsadida bir necha ma’muriy islohlar o’tkazgan, qonunlar to’plamini mukammallashtirgan. Narayan Prithvi davri (1742-69)da Gurkh davlatiga qo’shni davlatlar qo’shib olinib, markazlashgan Nepal davlati paydo bo’ldi. 18-asr oxiriga kelib, Nepal hududi g’arbda Kashmir, Sharqda Sekkimgacha kengaydi. 18-asrning 2-yarmidan Nepalga Angliyaning Ost-Indiya kompaniyasi xavf sola boshladi. 1814 yil kompaniya gurkhlarni ingliz chegara postlariga hujum qilishda ayblab, Nepalga urush e’lon qildi. Nepal qo’shinlari inglizlarning harbiy kuchlariga qarshi tura olmadi. 1816 yil Nepal Angliya bilan asoratli shartnomaga imzo chekdi. Shartnomaga ko’ra, Katmanduda Angliyaning rezidenti bo’lishiga ruxsat etildi; mamlakatning tashqi siyosati butunlay inglizlar nazorati ostiga o’tdi. 1846 yilda kompaniya Rana urug’i boshlig’i Jang Baxrdirga davlat to’ntarishi o’tkazib, hokimiyatni egallashda yordam berdi. Qirol nomigagina davlat boshlig’i bo’lib qoldi. Rana urug’idan chiqqan hokimlar tashqi siyosatda inglizlar ko’rsatmasiga muvofiq ish ko’rdilar. Nepalning tashqi davlatlardan ajratib qo’yilganligi, mamlakat boyliklari chet elga olib ketilishi, mamlakatning geografik va iqtisodiy jihatdan ajralganligi ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishiga to’sqinlik qildi. 2-jahon urushidan so’ng Osiyo mamlakatlaridagi milliy ozodlik kurashining muvaffaqiyatlari va mustamlakachilik siyosatining inqirozi Nepal xalqiga qaramlikdan qutulish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Hindistondagi nepallik siyosiy muhojirlarning faoliyati kuchaydi. Kalkuttada Nepal milliy kongressi partiyasiga asos shtili (1947). Rana hukmronligiga qarshi Birlashgan front tuzildi va uning harakati natijasida Rana hukmronligi tugatildi (1951). 1951 yil 18 fevralda bosh vazir mansabining nasldan naslga utishi bekor qilindi. Nepalning muvaqqat konstitutsiyasida partiya va tashkilotlar tuzish huquqi, umumiy saylov huquqi e’lon qilindi. 1959 yil parlament sayloida Nepal Kongressi partiyasi g’alaba qozondi. Bu hukumat yer islohoti o’tkazish, ma’muriy apparatni va sud ishlarini qayta tashkil etish, mexnatkashlar ahvolini yaxshilashga va’da qildi, lekin ularni amalga oshira olmadi. Ijtimoiy va iqtisodiy nizolar keskinlashgan sharoitda qirol Mahendra Bir Bikram Shoh dev (1955-72 yillar Nepal qiroli bo’lgan) parlament va hukumat a’zolarini tarqatib, butun hokimiyatni o’z qo’liga oldi (1960 yil 15 dekabr). Barcha siyosiy partiya va tashkilotlarning faoliyati taqiqlandi. Yangi Konstitutsiya (1962) ga muvofiq, Nepalda panchayatlar — mahalliy va Markaziy hokimiyat (Milliy Panchayat) ijroiya organlari tartibi o’rnatildi. Hukumat nazoratidagi dehqonlar, ishchilar, yoshlar, xotin-qizlar, bolalar tashkilotlari tuzildi. Balog’atga yetmaganlarni nikohdan o’tkazish, turli mehnat majburiyati, majburiy mehnat shakllari taqiqlandi, kasta (tabaqa) tizimi bekor qilindi. Nepal — 1955 yildan Qo’shilmaslik harakati, 1956 yildan BMT a’zosi. Nepal qirolligi 1992 yil 2 yanvarda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan. Milliy bayrami — 28 dekabr — qirol tug’ilgan kun (1945). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. 1961 yil 5 yanvarda qirol farmoni bilan mamlakatdagi barcha siyosiy partiyalar taqikdangan edi. 1979 yil 2 mayda ko’p partiyali tizimga qaytish masalasi yuzasidan milliy referendum o’tkazildi. 1990 yil 11 aprelda siyosiy partiyalarning oshkora faoliyatiga ijozat berildi. Asosiy partiya va kasaba uyushmalari: Milliy demokratik partiya, 1990 yil mayda asos solingan; Nepal Kongressi partiyasi, 1947 yilda tuzilgan, 1960 yil dekabrda taqiqlangan, 1990 yil apreldan yana oshkora faoliyat boshlagan; Nepal kommunistik partiyasi, 1991 yilda tuzilgan. Nepalning barcha kasaba uyushmalari 1990 yil 11 apreldan oshkora faoliyat ko’rsata boshladi. Xo’jaligi. Nepal — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jaligining ulushi 60%, sanoat va qurilishning ulushi 14%. Iqtisodiy faol aholining 92% agrar sohada band. Qishloq xo’jaligining asosiy Mahsuloti — sholi. Nepalda shakarqamish, jut, choy, tamaki, yer yong’oq, xantal, bug’doy, makkajo’xori, soya, tsitrus mevalar, arpa, javdar, kartoshka, kora butshoy, tof sholisi, beda, ziravorlar ham yetishtiriladi. Ularning ba’zilari 4 ming metr balandlikda ekiladi. Nepal shimolda qo’tos, Szo (qo’tos bilan sigirning duragayi), qo’y, echki, o’rta va Janubi qismida zebusimon sigir va buyvol boqiladi. Qoramoldan, asosan, ulov sifatida foydalaniladi. Tog’ o’rmonlarida yog’och tayyorlanadi. Sanoati aksariyat kichik va yarim kustar korxonalardan iborat. Ularda qishloq xo’jalik mahsulotlari qayta ishlanib, oziq-ovqat va keng iste’mol mollari ishlab chiqariladi. Birganj, Biratnagarda qand-shakar, Janakpurda tamaki, sholi oqlash va boshqa oziq-ovqat korxonalari, jut va ip gazlama fabrikalari bor. Yog’ochsozlik, qog’oz, kimyo, charm poyabzal, g’isht-cherepitsa ishlab chiqarish, temirchilik korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Foydali qazilmalar — ko’mir, oltin, ohaktosh, temir ruda, slanes, mis, qo’rg’oshin, slyuda, magnezit, talk, oxra konlari topilgan bo’lsa ham, deyarli o’zlashtirilmagan. Ulardan oz miqdorda kustar usulda qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 740 million kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Transporti sust taraqqiy etgan. Avtomobil va ot-ulov yo’llari uzunligi — 7007 kilometr, tor izli temir yo’l uzunligi — 104 kilometr; 42 kilometrlik osma yo’l bor. Hindiston, Bangladesh, Myanma, Pokiston, Tailand bilan aviatsiya qatnovi yo’lga qo’yilgan. Nepal chetdan mashina-uskunalar, neft mahsulotlari, sanoat mollari, avtomobillar, ularning ehtiyot qismlari, stanoklar, elektr asboblari, qurilish materiallari oladi. Chetga gilam, jut va ip gazlamadan tayerlangan buyumlar, sholi, xom teri, moyli ekinlar mahsuloti, dorivor o’tlar, ziravorlar, badiiy hunarmandchilik buyumlari chiqaradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Hindiston (tovar aylanmasining 30% dan ko’prog’i), Germaniya, Yaponiya, Xitoy, AQSh, Shveytsariya, Belgiya, Singapur. Chet el sayyohligi va alpinizm rivojlangan. Pul birligi — Nepal rupiyasi. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. 1950-yillarning boshida mamlakat aholisining 96% savodsiz edi. 2000 yil arafasida aholining savodxonlik darajasi 40% ga yetdi. Nepalda o’rta ta’lim umumiy, kasb-hunar va sanskrit maktablariga bo’linadi. Qishloq xo’jaligi, texnika, o’rmonshunoslik, konchilik maktablari, tibbiyot va pedagogika bilim yurtlari bor. Eng yirik ilmiy va o’quv markazi — Tribhuvan nomidagi universitet bo’lib, uning huzurida 11 kollej (Milliy kollej, Trichandra kolleji, savdo-sotiq, huquq, sanskrit kolleji va boshqalar) tashkil etilgan. Nepal Qirollik akademiyasi adabiyotshunoslik, tilshunoslik, san’atshunoslik, madaniyat, Nepal tarixiga oid kitoblar, darsliklar, lug’atlar nashr etadi. Katmanduda Milliy kutubxona, Tribhuvan nomidagi unviersitet kutubxonasi, Markaziy kutubxona, Nepal Milliy muzeyi bor. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Nepalda 400 dan ko’proq gazeta va jurnal nashr etiladi. Eng muhimlari: «AVAJ» («ovoz», Nepal tilida chiqadigan haftalik gazeta), «Arati» («Chirok», Nepal tilida chiqadigan haftalik gazeta, 1966 yildan), «ARPAN», («Fidoyilik», Nepal tilida chiqadigan haftanoma, 1964 yildan), «Gorkxapatra» («gurkxlar gazetasi», Nepal tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1954 yildan), «Kommoner» («oddiy inson», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1954 yildan), «Mazerlend» («Vatan», ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1957 yildan), «Nepali» («nepallik», hind tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1958 yildan), «Rayzning Nepal» («Tiklanayotgan Nepal», ingliz tilida chiqadigan kundalik hukumat gazeta, 1965 yildan) «Samiksha» («tanqid», Nepal tilida chiqadigan haftalik gazeta, 1958 yildan). Rashtriya Samachar Samiti — RSS milliy axborot agentligi 1962 yilda tuzilgan. Nepal radiosi 1951 yildan, Nepal televideniesi 1986 yildan ishlaydi. Adabiyoti. Nepal adabiyoti sanskrit, nepal va nevar tillarida. Qadimgi adabiy yodgorliklar — epigrafika (milodiy 1-ming yillikning o’rtalari), vashshavali, mahatmya — «Svayambhu Purana» (10-asr), «Nepali mahatmya» (11 — 15-asrlar) sanskrit tilida yaratilgan. 15-asrdan boshlab dunyoviy adabiyot yuzaga keldi. Poeziyada stuti janri (Xudo va qirol oilasi sha’niga to’qilgan madhiyalar) asosiy o’rinni egalladi, ishqiy lirika rivojlandi. 18-asrgacha «Mahabharata», «Ramayana» va puranalardan dramalar uchun syujetlar olindi. 19-asrda Nepal tilining davlat tiliga aylanishi bilan Nepal adabiyoti yaratila boshladi. Basanta, Indiras, Yadunath, Ragxunath, B. Kesari kabi shoirlar an’anaviy syujet (Krishna hayoti tarixi va boshqalar)dan foydalandilar. Bxanubxakta Acharya ijodi she’riyatda yangi bosqich bo’ldi. 19-asr boshida nasriy asarlar ham yozila boshladi (Matsend-ranatha to’g’risida rivoyat» va boshqalar). 1888 yil ma’rifatparvar Motiram Bhatta Nepalda birinchi oynoma — «Gurkha Bharat Jivan»ga asos soldi. 20-asrda shoir Dx. Koirala birinchi bo’lib oddiy inson mavzuiga murojaat qildi. Nepal adabiyoti hind chhayavadasi (romantizmi) va ingliz romantikasi ta’sirida rivojlandi. G. Maynali, P. Shalisher, B. Bhikshu, K. Malla, B. Tivari, M. Koirala, B. P. Koirala, Gothale va boshqalarning o’rta va quyi tabaqa aholi xayoti tasvirlangan hikoyalari bosilib chiqdi. Rudraraj Pandeyning «Rupmati», «sevgi», «gunohini yuvish», Ramirasadning «Taqdir gardishi» romanlarida ma’naviy kamolotga yetish g’oyasi aks ettirilgan. 30-yillarda dramaturg B. Sama o’z pyesalari («men», «sevgiga bag’ishlangan») da yosh bolalar nikohi va xotin-qizlar huquqsizligiga qarshi chiqdi. 1951 yil Rana sulolasining ag’darilishi Nepal adabiyotida ham o’z aksini topdi. 50-yillar she’riyatida barcha irq hamda xalqdar o’rtasida tinchlik va birodarlik g’oyalari kuylandi. Nevar tilidagi adabiyot 14-asr oxiridan boshlab rivojlandi. 15-asrda tarixiy voqeanomalar, afsona va rivoyatlarga boy vanshavallar yaratildi. Nevar tiliga sanskrit, fors va Arab tilidagi asarlar, «ming bir kecha» va boshqalar tarjima qilindi. Yozuvchi Nishthanand Bajracharya (1858-1935) diniy asar — «a’lo donishmandlik»ni sanskritchadan tarjima qildi (1909) va Budda xayotiga oid «Cheksiz ufqlar» nasriy asarini yozdi. 1925 yil asos solingan «Buddha Dharma patrika» jur. nevar adabiyotining rivojlanishiga turtki berdi. 1951 yilga kelib, Rana sulolasi ag’darilgach, nevar adabiyoti keng rivojlanish imkoniyatiga ega bo’ldi. Chet ellarga ketgan ko’pgina adiblar Vatanga qaytdi. 1951 yil «Nevar tili jamiyati» tuzildi, u nevar tilida asarlar nashr etdi. Sudarshan Sramaren, Satya-Mohan Jo’shi, Hemlal Jo’shilar tarixiy dramalar yaratdilar. Ishvarananda Shresthacharya «Ko’zgu», «Sovuq qon» romanlarida shahar o’rta tabaqasining og’ir hayotini tasvirladi. Shoirlardan D. Shrestxa, K. Chandra, Kxvabilu va b. vatanparvarlik ruhida she’rlar yozdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Qadimgi Nepalda Katmandu yaqinida Bodxnath va Svayambxunath ibodatxonalari (ikkovi ham miloddan avvalgi 3-asrga mansub) katta toshlardan yarim gumbazli, minorali qilib qurilgan. 15-18-asrda barpo etilgan ibodatxonalar hindlarning jim-jimador galereyali, gumbazli ehromlari (Patandagi Krishna-Mandir, 15-17-asrlar)ni ham, xitoylarning rangdor yog’och o’ymakorli pagoda (Bhaktapurdagi «55 derazali saroy», 1697; Nyatapol ehromi, 1700-08) larini ham eslatadi. 19-asr oxiridan fors va arab, 20-asr boshlarida Yevropa neoklassik me’morligi ta’siri sezila boshladi. 1950 yildan Katmandu, Janakpur va boshqa shaharlarda zamonaviy binolar qurila boshladi. O’rta asr Nepal haykaltaroshligi Hindistonning Guptalar sulolasi hukmronligi davridagi san’ati va Gandhara san’ati, rassomchiligi esa (11 — 14-asrlardagi qo’lyozmalardagi miniatyuralar) Shimoliy-Sharqiy Hindiston rassomchiligi bilan yaqin. 16-17-asrlar san’ati radjput (Hindiston), shuningdek, Boburiylar miniatyura maktabi bilan bog’langan. 15— 18-asrlarda matoga solingan rasmlar (tibetcha «tanka» sanami toifasida) keng tarqaldi. 20-asr rassomchiligi «Bengaliya Uygonish davri» hamda Yevropa realistik rassomchiligi ta’sirida rivojlandi. Nepalda qadimdan yog’och va suyak o’ymakorligi, bambukdan savat to’qish, kulolchilik, jun va shoyi gazlamalar, gilamlar to’qish, oltin va kumush takinchoklar yasash urf bo’lgan. Teatri va musiqasi. Qadimdan teatrlarda xalq tomoshalari — nritya (nach) lar ko’rsatilgan. Har bir xalqning ramziy ma’nodagi raqs tomoshalari bo’lgan: devi nritya, ghatu nritya (xudolar va afsonaviy qaxramonlar hayoti) va bara mase (nikoh, hosil bayramlari va boshqalar). 15-18-asrlardagi xalq raqs tomoshalari 20-a.srda hozirgi shaklini oldi. «Mahakali», «Xarisiddha», «Pachali», «Kankeshvari», «Ghanteshvari» kabi xalq tomoshalari tez-tez ko’rsatilgan. Bhaktapur shahridagi Suvarna malla saroyida «nav Durga», «Mahalakshmi» va boshqa tomoshalar qo’yilgan. 3 soat davom etgan tomoshada aktyor 8-10 ibora aytib, xor jo’rligida shu so’zlarning ma’nosini o’yin bilan ochib bergan. Turli xalq tomoshalari ta’sirida Nepal mumtoz teatr janri — gitinatya (xoreografik spektakl) paydo bo’ldi. 20-asr 40-yillarida bir pardali drama rivojlandi. Dramaturgiyaning rivojlanishiga karamay, doimiy dramatik teatr bo’lmagan, havaskorlik truppalari tomoshpar ko’rsatar edi. 1973 yil oxirida musiqali raqs havaskorlar jamoasi majoziy gitinatya «himoya»ni qo’ydi. Unda xudolar va afsonaviy qahramonlar bilan bir qatorda zamonaviy qahramonlar ham ishtirok etadi. 70-yillarda bu jamoa professional truppaga aylantirildi. Keyinli yillarda mualliflar voqelikni tasvirlay boshladilar. Nepal radiosi huzuridagi yarim havaskor teatr jamoasi zamonaviy spektakllar ko’rsatadi. 1973 yilda professional musiqa jamoasi tashkil etildi. Qirollik akademiyasi huzurida musiqa, xalq raqs va ashula bo’limi bor. Zamonaviy kompozitorlar orasida Shiva Shankar, Nata Kaja va boshqalar mashhur.