Nerv sistemasi

Nerv sistemasi — odam va hayvonlar organizmida barcha a’zolar faoliyatini bir-biriga bog’lagan hodda hayotiy muhim funktsiyalarni bajaradigan hamda organizmni tashqi muhit bilan bog’laydigan sistema. Hayvonlar organizmining evolyutsiya jarayonida va organizmlar bilan tashqi muhit o’rtasidagi murakkab munosabatlarning shakllanishida Nerv sistemasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Nerv sistemasi asosini nerv hujayralari tashkil qiladi. Har bir hujayra o’zidan chiqqan kalta shoxchalar (dendrit), bitta uzun tola (akson) bilan birga neyron deb ataladi. Nerv sistemasi, asosan, neyronlar to’plamidan iborat. Nerv sistemasi filogenez va ontogenezda gavdaning tashqi qavati — ektodermadan rivojlanadi. Organizmlarning tarixiy rivojlanish jarayonida Nerv sistemasining tuzilishi murakkablashib, nerv hujayralarining hajmi va turlari osha borgan, neyronlar strukturasi va ayrim nerv hujayralari o’rtasidagi o’zaro munosabatlar, shu bilan birga Nerv sistemasining funktsiyasi ham shakllangan. Nerv sistemasiga xos ikkinchi to’qima — neyrogliya paydo bo’lgan (u tayanch va trofik funktsiyalarni bajaradi). Nerv sistemasining rivojlanishi davrida Markaziy nerv sistemasi va periferik nerv sistemasi vujudga keladi. Nerv sistemasi shartli ravishda ikki qismga bo’linadi. Ulardan biri organizmning odam ixtiyoriga bo’ysinmaydigan a’zolariga borib, ularni nerv bilan ta’minlaydigan vegetativ nerv sistemasidir. Ikkinchi qism odam ixtiyoriga bo’ysinib, skelet muskullariga va harakatda ishtirok etadigan ayrim a’zolarga boradi. Nerv sistemasi qo’zg’alish to’lqini — impuls larni nerv tolalari orqali tez o’tkazilishini ta’minlaydi. Nerv impulslari bir lahzada ro’y beradi va turli a’zolardan miyaga yoki miyadan a’zolarga boradi. Nerv sistemasi harakat funktsiyasini, ovqat hazm qilish, nafas olish va boshqa sistemalar faoliyatini, qon aylanishini va boshqa jarayonlarni boshqaradi. Nerv sistemasi tuzilmalari ta’sirotni sezadi, ta’sirotlar energiyasini nerv qo’zg’alishi energiyasiga aylantiradi, bu energiya nerv impulslari shaklida nerv tolalaridan o’tadi. Nerv sistemasi murakkablashgan sayin va unda maxsus reseptor (sezuvchi) hujayralar ixtisoslashgan sayin Nerv sistemasi funktsiyalari tobora turli-tuman bo’lib qolgan. Nerv sistemasi refleks yo’li bilan ishlaydi. Organizmda tashqi va ichki muhit ta’sirotlarini sezadigan reseptorlar bor. Normal sharoitda organizmga tashqi muhit turli-tuman va doimiy ta’sir ko’rsatishi tufayli reseptorlarda impulslar vujudga keladi, bular afferent nerv tolalari orqali Markaziy Nerv sistemasiga o’tadi; o’zgartirilgan impulslar esa Markaziy Nerv sistemasidan efferent nerv tolalari orkali ishchi a’zolar (muskullar, bezlar va hokazolar) ga kelib, ularni ishga soladi yoki ishlash tezligini o’zgartiradi. Nerv sistemasining faoliyati qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlariga asoslangan. Butun organizm kabi Nerv sistemasida ham moddalar almashinib turadi. Bu biokimyoviy jarayon natijasida energiya hosil bo’ladi. Nerv tolalari ishlaganda energiyani juda kam sarf qiladi, nervlarning amalda charchamay, barqaror ishlashiga sabab shu. Nerv hujayralarining tanalarida energiya nisbatan kuproq sarflanadi va moddalar tezroq almashinadi. Shuning uchun oziq moddalar va kislorod kamchiligi miyaning kulrang moddasiga kuchli ta’sir ko’rsatadi. Nerv sistemasining faoliyatida bir neyrondan ikkinchi neyronga yoki boshqa hujayraga impuls o’tishida fiziologik faol moddalar — mediatorlar muhim rol o’ynaydi. Nerv sistemasining ishlashida biotoklar (bioelektr potentsiallari) muhim ahamiyat kasb etadi. Ular qo’zg’alish jarayonining xarakterli belgisi bo’lib, nerv impulslarining o’tishida katta ahamiyatga ega. Nerv sistemasi biotoklarini sezgir asboblar yordamida qayd qilish Nerv sistemasi fiziologiyasini o’rganishda asosiy usullardan biridir, ba’zan odamdagi Nerv sistemasi kasalliklarini aniqlashda ham bu usul qo’llanadi. I. P. Pavlov nerv sistemasining tiplari (hayvonlar va odam oliy nerv faoliyatining individual xususiyatlari) haqidagi tushunchani fiziologiyaga kiritgan. Qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining kuchi muvozanatlanganligi, harakatchanligi kabi 3 ta asosiy funktsional xossani nazarda tutib, Nerv sistemasining odam va hayvonlar uchun umumiy bo’lgan quyidagi tiplari aniqlangan: 1) juda jonsarak tipda qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlari kuchli, ammo muvozanatlashmagan (qo’zg’alish tormozlanishdan ustun) bo’ladi; 2) juda serharakat tipda nerv jarayonlari juda kuchli, muvozanatlashgan va yaxshi harakatchan (tez almashinadigan) bo’ladi; 3) juda yuvosh tipda nerv jarayonlari kuchli, muvozanatlashgan, lekin harakatchanligi kamroq (sekin almashinadigan) buladi; 4) nimjon tipda nerv jarayonlari sust, bosh miya po’stlog’idan nerv hujayralarining ish qobiliyati past bo’ladi. I.P. Pavlov Nerv sistemasining tiplari bilan odamlarning 4 xil temperamenti (mizoj) o’rtasida o’xshashlik borligini aniqladi. Jonsaraktipxolerik temperamentga, serharakat tip sangvinik temperamentga, yuvosh tip flegmatik temperamentga, nimjon tip Melanxolik temperamentga mos keladi. Ad.: Ahmedov N., Sodiqova N., Normal anatomiya, normal fiziologiya, T., 2003. Nosir Ahmedov.