Neyro-gumoral regulyatsiya

Neyro-gumoral regulyatsiya (neyro… va lot. humor — suyuqlik) — odam va yuqori rivojlangan hayvonlar organizmining a’zo, to’qimalari faolligi va fiziologik jarayonlarini nerv sistemasi va gumoral omillar (qon, limfa va to’qima suyuqligidagi biologik faol moddalar) ta’sirida boshqarilishi. Neyro-gumoral regulyatsiya sistemasi organizmning o’zgaruvchan muhit sharoitida normal ishlashini ta’minlab beradi. Nerv regulyatsiyasi filogenetik nuqtai nazardan gumoral regulyasiyat nisbatan ancha yosh. Tuban organizmlarda alohida hujayralar va a’zolarning o’zaro aloqasini almashinuv jarayonlarida ishlab chiqariladigan kimyoviy moddalar (metabolitlar) amalga oshiradi. Evolyutsiya davomida to’qima, a’zolarning murakkablashishi va differentsiyalashishi natijasida yangi gumoral omillar {mediatorlar, gormonlar va tsitokinlar) hosil bo’ldi va gumoral Sistema nerv sistemasi bilan o’zaro bog’lanib bordi, natijada, Neyro-gumoral regulyatsiya sistemasi vujudga keldi. Bunda nerv sistemasi biologik faol moddalarning sintez qilinishiga ta’sir etadi (masalan, gipotalamusgipofiz gormonlarining hosil bo’lishiga ta’sir ko’rsatadi, bu omillar qalqonsimon bez, jinsiy va buyrak usti bezlarini faollashtiradi). O’z navbatida gumoral omillar nerv sistemasiga ikki xil ta’sir ko’rsatadi: 1) reflektor, ya’ni qon, limfa va to’qima suyuqliklaridagi biologik faol omillar nerv sistemasining interoreseptorlarini «qitiqlaydi»; 2) bevosita ta’sir, bunda biologik faol moddalar to’g’ridan-to’g’ri nerv hujayralariga ta’sir ko’rsatadi (masalan, almashinuv jarayonida hosil bo’ladigan SO2 bosh miyaning nafas olish sistemasiga ta’sir ko’rsatib, uni faollashtiradi). Ad.: Majidov N. M., Troshin V. D., Profilakticheskaya nevrologiya, 1-4 t.. T., 1995-98.