Neyroxirurgiya

Neyroxirurgiya – xirurgiyaning bir bo’limi. Nerv sistemasi kasalliklari va jarohatlarini xirurgik yo’l bilan davolash metodlarini o’rganadi va amalda qo’llaydi. Neyroxirurgiya neyroonkologiya, neyrotravmatologiya, neyroangiologiya, Markaziy nerv sistemasining tug’ma nuqsonlari va infektsion-yallig’lanish jarayonida krladigan asoratlar xirurgiyasi, steretoksik Neyroxirurgiya, epilepsiya va kuchli og’riq xirurgiyasi kabi bo’limlardan iborat. Bosh va orqa miyani operasiya qilish yuzasidan olib borilgan ko’p yillik izlanish va urinishlar tufayli 20-asr boshlarida Neyroxirurgiya mustaqil fan sifatida shakllandi. Fiziologiya, nevrologiya, rentgenologiya, patomorfologiya, biokimyo, anesteziologiya, terapiya va boshqa fan yutuqlari Neyroxirurgiyaning rivojlanishiga imkon berdi. N. N. Burdenko Moskvada, A. L. Polenov Leningradda, A. I. Arutyunov Kievda Neyroxirurgiya institutini tashkil etishda raqbarlik qildilar (hozirgi institut shu olimlar nomi bilan ataladi). Keyinchalik boshqa shaharlardagi klinikalarda ham Neyroxirurgiya bo’limlari ochildi. Dastlab O’zbekistonda Neyroxirurgiya bo’limi Travmatologiya va ortopediya ilmiy tadqiqot instituti, 1963 yil Samarqand viloyat kasalxonasi (1950) (S. D. Madiyorov, A. M. Mamadaliyev) tarkibida tashkil qilindi. 1968 yildan respublikaning barcha viloyat kasalxonalarida, jumladan, Toshkentda Onkologiya va radiologiya ilmiy tadqiqot institutida Neyroxirurgiya bo’limi (M. H. Qoriyev) faoliyat ko’rsata boshladi. 1969 yil 17-shahar kasalxonasida (A. S. Mirsodiqov), Andijon viloyat kasalxonasida (M D. Do’stmurodov) Neyroxirurgiya bo’limlari tashkil topdi. Keyinchalik bu bo’limlar tibbiyot institutlarida tashkil qilingan. Neyroxirurgiya kafedralari va kurslarning o’quv bazasi bo’lib qoldi. Neyroxirurgik yordamni rejali ravishda bajarish maqsadida 1983 yil Respublika Neyroxirurgiya markazi ochildi, keyinchalik u Respublika ilmiy tadqiqot markaziga aylantirildi (1997). Respublikada Neyroxirurgiya fani rivojlanishida M. M. Maksudov, M. H. Qoriev, A. S. Mirsodiqov, S. A. Madiyorov, M. D. Do’stmurodov, A. M. Mamadaliev va boshqalarning munosib xizmatlari bor. 1975 yildan respublikaning barcha tibbiyot institutlarida yuqori kurs talabalariga Neyroxirurgiya fani o’qitila boshlandi. Respublikaning shahar va viloyat mutaxassislarni tayyorlash, asosan, neyroxirurgiya ilmiy markazida, tibbiyot in-tlarining neyroxirurgiya kafedralari va kurslarida olib boriladi. Ixtisoslashgan neyroxirurgik Markazlar tashkil etilishi bosh miya o’smalari, Markaziy nerv sistemasining tug’ma nuqsonlari va yallig’lanish kasalliklarini davolashda yaxshi natijalarga erishishga, Neyroxirurgiyada miya va orqa miya tomirlari xirurgiyasi (neyroangiologiya), stereotaksis kabi yangi bo’limlar tashkil etishga imkon berdi. Neyroxirurgiyadagi hozirgi muhim yo’nalishlardan biri bosh miyada qon aylanishi va miyada energiya almashinuvi fiziologiyasi va patologiyasini o’rganishdir. Operativ texnikaning rivojlanishi (elektroxirurgiyaning tatbiq etilishi hamda kalla ichi bosimini pasaytirishga yordam beradigan turli preparat va metodlarning qo’llanilishi), diagnostika usullarining takomillashishi, shuningdek, Neyroxirurgiya amaliyotida og’riqsizlantirish va Reanimatsiya metodlarining joriy etilishi Neyroxirurgiyada muhim ahamiyat kasb etdi. Hozirgi tomirlarni operatsiya qilish usuli ham muvaffaqiyatli qo’llanilmoqda. Neyroxirurgiya sohasida fizika, elektronika, kibernetika, radiologiya va boshqa tabiiy fanlarning yutuqlaridan foydalanilishi  endilikda glial o’smalar, kalla suyagi va miyaning og’ir shikastlari, epilepsiyani davolash imkonini beradi. Markaziy nerv sistemasining murakkab funktsiyalarini o’rganish sohasidagi Neyroxirurgiya yutuqlari nevropatologiya, psixiatriya, neyrofiziologiya, psixologiya kabi fanlarni boyitmoqda. Ad.: Sosin I. I., Kariev M. X., Fizioterapiya v xirurgii,travmatologii i neyroxirurgii, T., 1994; Mirsodiqov A. S, Mirsodiqov D. A., Bolalar neyroxirurgiyasi, T., 2002.