Neytrofillar

Neytrofillar (lotincha neuter – u ham, bu ham emas va Yunoncha phileo — sevaman) — umurtqali hayvonlar va odam qoni leykositlarining bir xili. Neytrofillar protoplazmasi rangsiz yoki och pushti, qizg’ish-binafsha rangda, donador. O’rtacha kattaligi 9-12 mkm. Neytrofillar yetilib borishiga qarab quyidagilarga ajratiladi: mielositlar, yosh Neytrofillar, tayoqcha o’zakli Neytrofillar va segment o’zakli Neytrofillar. Neytrofillar promielositlardan yetilishiga qarab o’zgarib boradi, asosiy o’zgarishlar o’zagida kuzatiladi: dastlab o’zakda botiq hosil bo’ladi, keyin o’zak bukilgan tayoqchani eslatadi, so’ngra orasida ingichka ko’prikchalari bor segmentlarga (3 tadan 5 tagacha) bo’linadi. Neytrofillar fagositoz qilish va gumoral omillar ishlab chiqarish xususiyatiga ega, shuning uchun mikrofaglar guruhiga kiritilgan. Katta yoshli odamlarda tayoqcha o’zakli Neytrofillar 1-6% ni, segment o’zakli Neytrofillar 47-72% ni tashkil qiladi. Sog’lom odam qonida yosh Neytrofillar uchramaydi. Har xil patologiyalarda segment o’zakli Neytrofillarning segmentlanmagan Neytrofillarga nisbati o’zgaradi. Masalan, bu ko’rsatkich kamaysa, Neytrofillarning chap tomonga siljishi (ko’pgina yallig’lanish jarayonlari, leykositozda), ko’rsatkich ko’paysa, o’ng tomonga siljishi, leykopeniya kuzatiladi (og’ir kechuvchi anemiyada). Har xil kasalliklarda Neytrofillarning xajmi, Protoplazmasi va donadorligi o’zgarishi mumkin. Qonda Neytrofillar miqdorining ko’payishi neytrofillyoz deb ataladi.