Niderlandiya

Niderlandiya (Nederland), Niderlandiya Qirolligi (Koninkrijk der Nederlanden) (norasmiy nomi — Gollandiya) — G’arbiy Yevropada, shimoliy dengiz sohilida joylashgan davlat. Maydoni 41,5 ming km2. Aholisi 16 million kishi (2002). Poytaxti — Amsterdam shahri. Hukumat qarorgohi Gaaga shahrida. Ma’muriy jihatdan 12 provintsiya (provincie) ga bo’linadi. Niderlandiya Antil orollari, Aruba oroli Niderlandiya mulki hisoblanadi. Davlat tuzumi. Niderlandiya — Konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1983 yilda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — qirol (qirolicha) (1980 yildan V.A.Beatriks xonim). Uning huzuridagi Davlat kengashi a’zolari qirol tomonidan tayinlanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol va ikki palatali Bosh Shtatlar (parlament), ijroiya hokimiyatni qirol bilan hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Niderlandiya O’rta Yevropa tekisligining g’arbiy qismida joylashgan. Shimoldan sayoz qo’ltiq va buxtalar o’rab turadi. Soqili 56 metrgacha balandlikdagi do’ngliklardan iborat, toshqindan saqlanish uchun to’g’on va dambalar qurilgan. Yer yuzasi, asosan, pasttekislik. Niderlandiya hududining 40% dengiz sathidan pastda, faqat 2% 50 metrdan yuqori. Eng baland joyi 321 metr. Niderlandiyaning pasttekislik qismlari doim dengiz suvi bosish xavfi ostida. 1282 yilgi kuchli suv toshqini natijasida Zeyder-Ze qo’ltig’i hosil bo’lgan. 33 kilometrli damba qurilgach, Zey-der-Zening Janubiy qismi chuchuk suvli berk ko’lga aylangan. Niderlandiyaning sharqi morenali tepalik; shimoliy qum va gilli dengiz va daryo yotqiziqlaridan, sharqi muzlik yotqiziqlaridan, daryo deltalari esa allyuvial yotqiziqlardan tuzilgan. Kumir, neft va gaz, torf, osh tuzi, kaolin konlari bor. Iqlim — dengiz iqlimi, qishi yumshoq, yozi iliq. Atlantika okeanidan yil bo’yi shamol esadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 1-3°, iyulniki 16-17°. Yillik yog’in 650-750 mm. Tez-tez tuman tushadi. Qattiq sovuqlar ahyon-ahyonda bo’ladi. Qor kam, yomg’ir ko’proq yog’adi. Daryolar yil bo’yi sersuv; yiriklari: Reyn, Maas, Shelda. Sohil tuprog’i unumdor, Daryo vodiylariniki allyuvial-o’tloqi tuproq. Niderlandiyaning shimoliy va sharqida, asosan, chimli podzol, ayrim joylarida botqoqlangan tuproq. Niderlandiya hududining 70% madaniy landshaft, 8% o’rmon. Qumli joylari butali vereekzor (archagul), daryolar sohili tolzor. Hayvonot dunyosi juda kambag’al. Yovvoyi quyon, tiyin, suvsar, sassiq-ko’zan, elik yashaydi. Niderlandiyada qushlarning 180 turi bor. Daryo deltalaridagi suzuvchi qushlar qishlaydigan joylar qo’riqlanadi. Velyuzom, Kennemer do’ngliklari, Xoge-Velyuve milliy bog’lari va 8 ta qo’riqxonasi bor. Aholisining aksariyati gollandlar. Yirik etnik guruhlardan flamandlar, frizlar bor. Nemislar, yahudiylar, indonezlar va boshqalar ham yashaydi. Dindor aholining 50% ga yaqini katolik, 37% protestant. Rasmiy til — Niderland (golland) tili. Niderlandiya dunyoda aholisi eng zich joylashgan mamlakatlardan. Aholisining 89% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Amsterdam, Rotterdam, Gaaga, Utrext. Tarixi. Niderlandiya hududida odamlar neolit davridan yashaydi; miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmida bu yerda kelt qabilalari yashagan. 1-asr boshida bu qabilalarni germanlar siqib chiqargan. Miloddan avvalgi 1-asrda Niderlandiya hududining bir qismini rimliklar bosib olgan. Milodiy 3-4-asrlarda Niderlandiya hududiga franklar va sakslar hamda frizlar kelib o’rnashdilar. Franklar davlati tuzilgach (5-asr), Niderlandiya hududi uning tarkibiga, 843 yilgi Verden shartnomasiga binoan, «mukaddas Rim imperiyasi» tarkibiga kirdi. 10— 11-asrlarda Niderlandiya hududida bir necha mustaqil yer-mulklar (Flandriya, Gollandiya, Geddern, Zelandiya, Utrext grafliklari va hokazolar) tashkil topdi. 12-asrdan shahar rivojlana boshladi. 15-asrning2-choragigacha Niderlandiyada feodal tarqoqlik hukm surdi. 1433 yilda Gollandiyani, so’ngra Niderlandiyaning boshka knyazliklarini Burgundiya gersoglari bosib oldilar. Karl V imperiyasi parchalangach, Niderlandiya (1556 yildan keyin) Ispaniyaga karam bo’lib qoldi. 16-asr Niderlandiya inqilobi natijasida mamlakat ispanlar zulmidan ozod bo’ldi va Birlashgan viloyatlar Respublikasi tuzildi. 17-asrda savdo va dengizchilik rivojlanishi natijasida Niderlandiya Yevropaning rivojlangan davlatlaridan biriga aylanib, Osiyo, Amerika, Afrikada yangi yer-mulklarni qo’lga kiritdi, Indoneziya, Gviana, kichik Antil orollarini va Kap viloyatini o’ziga qaram qilib oldi. 1795— 1813 yillarda Gollandiya qirolligi Frantsiya tarkibiga kirdi. 1815 yilda Belgiya bilan birlashib, Niderlandiya qirolligi tashkil etildi. 1830 yil inqilob natijasida Belgiya Niderlandiyadan ajralib chiqdi. 1848 yilda Niderlandiya Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1840-70 yillarda sanoat tez o’sdi. 1860 yildan davlat temir yo’l qurishni o’z qo’liga oldi. 1876 yilda Amsterdam — Shimoliy dengiz, 1882 yilda Rotterdam — Shimoliy dengiz kanallari qurildi. Rotterdam Germaniya uchun tranzit portga aylandi. 1861 yilda birinchi kasaba uyushmasi tashkil topdi. Niderlandiyada 19-asrning so’nggi choragida sanoatlashuv jarayoni, asosan, nihoyasiga yetdi. Sanoatning yetakchi tarmoqlari (kemasozlik, to’qimachilik va oziq-ovqat sanoati) modernizatsiya qilindi. Neft monopoliyalari tuzildi. Qishloq xo’jaligida ekstensiv dehqonchilik va chorvachilikdan zamonaviy ishlab chiqarishga o’tildi. Yangi temir yo’llar qurildi. l-jahon urushi (1914-18)da Niderlandiya o’zining betarafligini ma’lum qildi. 1917 yil iqtisodiy qamal natijasida Niderlandiyada ishlab chiqarish va savdo susayib ketdi. 1918 yil bahordan dengizda kema qatnovi ham to’xtadi. 1925-29 yillarda Niderlandiyada sanoatning yangi tarmoqlari (radioapparatlar ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash) vujudga keldi. Jahon iqtisodiy bo’hroni davri (1929-33)da Niderlandiyada sanoat mahsuloti ishlab chiqarish, eksport va import 2 baravar kamaydi. 2-jahon urushi boshlanishi bilan Niderlandiya betaraflik e’lon qildi. 1940 yil 10 mayda fashistlar Germaniyasi to’satdan bostirib kirdi va 14 mayda Niderlandiya taslim bo’ldi. Qirolicha Vilgelmina va hukumat Buyuk Britaniyaga ko’chib ketdi. Niderlandiyani natsistlar idora qila boshladi. 1944 yil sentabr — 1945 yil martda ittifoqchi davlatlar qo’shinlari Niderlandiyaning janubini, 1945 yil aprelda sharqini ozod qildilar. 1945 yil may oyi boshlarida Germaniya qurolli kuchlarining Niderlandiyadagi qismlari taslim bo’ldi. 1948 yilga kelib, Niderlandiyada ishlab chiqarish urushdan avvalgi darajaga yetdi. Chetga sarmoya chiqarish keskin ko’paydi. Ishlab chiqarishning kontsentrasiyalashuvi tezlashdi. 1950-yillarda milliy ozodlik harakati kuchayishi natijasida Niderlandiya mustamlakalaridan mahrum bo’ldi. Niderlandiya — 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 30 aprel (Qirolicha kuni). Niderlandiya 1991 yil 31 dekabrda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi va 1992 yil 10 iyulda diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Asosiy siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Davlat islohot partiyasi, 1918 yilda tuzilgan; Markaz demokratlari, 1993 yilda tashkil etilgan; Demokratlar-66, 1966 yilda asos solingan; «so’l ko’katparvarlar», 1991 yilda tuzilgan; Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi, 1948 yilda tashkil etilgan; mehnat partiyasi, 1946 yilda tuzilgan; islohotchi siyosiy federatsiya, 1975 yilda asos solingan; islohot siyosiy Ittifoqi, 1948 yilda tuzilgan; Sotsialistik partiya, 1972 yilda tashkil etilgan; Ittifoq 55+, 1994 yilda tashkil etilgan; Xristian-demokratik da’vat, 1976 yilda asos solingan; keksalar umumiy uyushmasi, 1994 yilda tuzilgan. Niderlandiya kasaba uyushmalari federatsiyasi, 1976 yilda tashkil etilgan; kasaba uyushmalari xristian milliy uyushmasi, 1909 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Niderlandiya — yuqori darajada rivojlangan industrial agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 24,4%, qishloq xo’jaligi ulushi 4,3%. Niderlandiya muhim dengiz va quruqlikdagi transport yo’llari kesishgan erda joylashgan. Sanoati ning texnika darajasi yuqori, malakali ishchi kuchi bilan ta’minlangan. Tabiiy gaz Niderlandiyaning asosiy kon boyligidir. Neft, toshko’mir ham qazib chiqariladi. Ishlab chiqarish sanoatining yetakchi tarmoqlari — kemasozlik, qora va rangli metallurgiya, metallsozlik va mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash va neft kimyosi, elektrotexnika, radioelektronika, oziq-ovqat, to’qimachilik. Aviasozik va avtomobilsozlik ham rivojlangan. Rangli metallurgiya sanoatida alyuminiy, rux va qalay eritiladi. Amsterdam, Rotterdam, Utrext, Xarlem va boshqa shaharlarda umumiy mashinasozlik, Rotterdam, Sxidam, Dordrext, Amsterdamda yirik kemasozlik, Born va Eyndxovenda avtomobilsozlik, Rotterdam, Amsterdam va Flissingen atroflarida neftni qayta ishlash korxonalari bor. Plastmassa, o’g’it hamda sintetik tola uchun xom ashyo ishlab chikariladi. Gaz va osh tuzi xom ashyo bazasida kimyo sanoati rivojlangan. Farmasevtika sanoati, lok, bo’yoq va bo’yovchi moddalar ishlab chiqarish juda taraqqiy qilgan. Xengelo shahrida katta tuz zavodi bor. Niderlandiyaning qadimgi sanoati — olmosga sayqal berish, asosan, Amsterdam shahrida joylashgan. Oziq-ovqat sanoati mahsulotining 1/3 qismini go’sht-sut korxonalari beradi. Meva-sabzavot konservalari, pivo, kakao, shokolad ishlab chiqarish rivojlangan. To’qimachilik sanoatida, asosan, ip gazlama va sun’iy ipakdan shoyi ishlab chiqariladi. Yiliga o’rtacha 74 milliard kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Qishloq xo’jaligi ko’p miqdorda tovar mahsulot ishlab chiqarib, mamlakat eksport qiymatining 1/4 semiki beradi. Qishloq xo’jaligida foydalanishga yaroqli yerlar (2,2 million gektar)ning 60% o’tloq, 35% haydaladi, 3% bog’, poliz va gulchilik xo’jaliklari. Niderlandiya — chetga eng ko’p sut mahsulotlari, tuxum, parranda go’shti, go’sht konservalari, cho’chqa go’shti chiqaruvchi mamlakatlardan. Qishloq xo’jalik mahsulotlari qiymatining 2/3 qismiga yaqinini chorvachilik va parrandachilik beradi. Bog’dorchilik, sabzavotchilik va gulchilik dehqonchilikdan olinadigan mahsulot qiymatining 60% ni beradi. Niderlandiya — issiqxonalarda yetishtirilgan sabzavot, meva va uzumni eksport qilishda dunyoda 1-o’rinda. Niderlandiya ko’p miqdorda kartoshka eksport qiladi. Bundan tashqari, qand lavlagi, donli ekinlardan bug’doy, arpa, suli ekiladi. Yiliga 2 milliard donadan ko’proq lola piyozi yetishtiriladi. Baliq ovlanadi. Transporti. Savdo flotining tonnaji jihatidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida 3-o’rinda turadi. Yuk aylanmasi bo’yicha dunyoda eng katta portlardan biri — Rotterdam porti yiligi 280 million tonna yuk o’tkazadi. Mamlakat ichkarisida tashiladigan yuklarning 80% avtomobil transportiga, 17,1% suv transportiga, 2,9% temir yo’l transportiga to’g’ri keladi. Temir yo’l uzunligi — 2850 kilometr, avtomobil yo’llari uzunligi — 118,2 ming kilometr. KLM aviakompaniyasi yo’lovchilar tashish bo’yicha dunyoda 7-o’rinni egallaydi. Amsterdamda xalqaro aeroport bor. Niderlandiya chetdan po’lat, transport vositalari, kimyoviy mahsulotlar, mineral yoqilg’i sotib oladi. Chetga tayyor buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, ro’zg’orbop elektr asbob-uskuna va ashyolar chiqaradi. Niderlandiya, asosan, Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq qiladi. Chet el sayyohligi rivojlangan (yiliga 3 million sayyoh kelib-ketadi). Asosiy mijozi bo’lgan GFR ga importning salkam 33% va eksportning 22% to’g’ri keladi. Pul birligi — gulden. Tibbiy xizmati, maorifi, madaniy-ma’rifiy va ilmiy muassasalari. Aholiga yuqori darajali tibbiy xizmat ko’rsatiladi. Davlat kasalxonalari bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham mavjud. Vrachlar universitetlar huzuridagi 8 ta tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. 1950 yildan mamlakatda 8 yillik bepul majburiy ta’lim to’g’risidagi qonun kuchga kirgan. 7 yoshdan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar 6 yillik maktabga qatnaydilar. O’rta maktablar ikki turda: universitetga kirish huquqini beradigan 6 yillik gimnaziya, Atenium (Real o’rta maktab) va litseylardir. Umumiy o’rta ta’lim maktablari tarkibiga kichik, oraliq va yuqori o’rta maktablar kiradi. Niderlandiyadagi boshlang’ich va o’rta maktablarning faqat 30% davlat qaramog’ida. Boshlang’ich maktab negizida hunar va o’rta maxsus ta’lim tizimi tashkil etilgan. Ularda o’qish muddati bir necha oydan 5 yilgacha. Niderlandiyada to’liq oliy ma’lumot beradigan 9 ta universitet, 3 ta texnika universiteti, universitet darajasidagi 4 ta kollej, shu jumladan, Vageningendagi oliy qishloq xo’jalik maktabi bor. Davlat universitetlari: Leyden (1575 yilda asos solingan), Utrext (1636), Groningen (1614), Amsterdam (1877), Rotterdam universitetlari va boshqalar. Davlatga qarashli va xususiy ilmiy muassasalar mavjud. Universitetlar huzuridagi institutlar, amaliy tadkiqot Markaziy tashkilotining institutlari, Niderlandiya Qirollik fanlar akademiyasi va vazirliklarning, Niderlandiya fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish tashkilotining institutlari, yadro energiyasi Markaziy kengashi, xalqaro munosabatlar instituti va boshqalar mavjud. Yirik kutubxonalari: Amsterdam, Leyden universitetlarining kutubxonalari, Gaagadagi Qirollik kutubxonasi va boshqalar. Amsterdamda Davlat muzeyi (1808 yilda asos solingan), Van Gog milliy muzeyi (1972), Rembrandt uy-muzeyi (1907), Qirollik tropik institutining muzeyi, gaagada munisipal muzey, Qirollik rassomchilik maskani (1820), pochta muzeyi (1929), Leydenda Milliy etnografiya muzeyi (1837), Milliy geologiya va mineralogiya muzeyi bor. Matbuoti, radioeshittirishi va te- leko’rsatuvi. Eng yirik gazeta va jurnallari: «Alxemeyn daxblad» («kundalik umumiy gazeta», 1946 yildan), «binnenxof» («Ichki hovli», oqshom gazeta, 1945 yildan), «Gaagse kurant» («Gaaga gazetasi», 1883 yildan), «telegraf» (kundalik gazeta, 1893 yildan), «Trau» («sadoqat», kundalik gazeta, 1943 yildan), «Folkskrant» («Xalq gazetasi», kundalik gazeta, 1920 yildan), «Fray Nederland» («Erkin Niderlandiya», haftalik gazeta, 1940 yildan), «Fraye folk» («Ozod xalq», kundalik gazeta, 1900 yildan), «Frayxeyd en demokrati» («Ozodlik va demokratiya», xaftalik gazeta, 1949 yildan), «Xrune Amster-dammer» («Ko’katparvar amsterdamlik», haftalik gazeta, 1877 yildan), «demokrat» (oylik jurnal), «Politik en Kyul-Tyur» («siyosat va madaniyat», oylik jurnal, 1940 yildan). Alxemeyn Nederlands Persbyuro — ANP, Niderlandiya axborot agentligi, 1943 yilda tuzilgan. Gollandiya gazetalari noshirlarining kooperativ uyushmasi. Niderlandiya radioeshittirish korporatsiyasi radioeshittirish va teleko’rsatuv tashkiloti bo’lib, hukumat nazoratida ishlaydi, 1969 yilda tashkil etilgan. Adabiyoti. Golland tilidagi eng qadimgi adabiy yodgorlik 9-asrda dunyoga kelgan. Niderland va nemis adabiyotida G. van Feldeks (1140-1200) saroy eposini yaratib shuhrat qozondi. «Reynard haqida qo’shiq» deb atalgan xalq dostoni xalqchil she’riyat va dramaturgiyaning rivojlanishiga zo’r ta’sir o’tkazdi. 13-asrda diniy adabiyot rivojlandi. Niderlandiya adabiyotining yirik namoyandasi Erazm Rotterdamskiyning «bema’nilik madxi» hajviy asari (1509) uyg’onish davri ruhida yozilgan. 17-asr Niderlandiya madaniyatida «oltin asr» bo’ldi. Bu davrda turli okimlarga mansub adiblar ijtimoiy va axloq-odob masalalariga oid asarlar yaratdilar, gumanistik, demokratik g’oyalar rivojlandi. Shoir va dramaturg Y. van den Vondel (1587— 1679)ning «Mariya Styuart», «Lyusifer» tragediyalari jahon adabietining Nodir asarlaridan bo’lib qoldi. 18-asr adabiyotida milliy-demokratik an’analar susaydi. 19-asrda yashab, ijod qilgan adiblar — A. Staring, E.Y.Potgiter, N.Bets va boshqa golland mustamlakachiligini tanqid qildilar va umuman, o’tkir ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiqdilar. 19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida adabiyotda sosialistik g’oyalar hukmronlik qildi. 30-yillarda «Forum» jurnali atrofida uyushgan adiblar fashizmga qarshi kurashdilar. 50-yillarda L. Froman, P.Rodenko, Lyusebert, R.Kampert, XLampo Yevropa adabiyoti oqimida bordi. 80-90-yillarda V.Ryuislink, X. Xeresm, J. Gamelink, Ya. Kremer va boshqa realistik tamoyillarni kuchaytirdi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Qadimgi Niderlandiya hududida neolit davrining sopol idishlari, toshdan qurilgan megalitik inshootlari, miloddan avvalgi 1-ming yillikka mansub kelt manzilgohlari, milodiy 1-3-asrlar qadimgi Rim binolarining qoldiqlari, germanlarning metall, zargarlik buyumlari saqlangan. O’rta asr me’morligi namunalari Amsterdam, Gaaga va boshqa shaharlarda mavjud (shahar devorlari, saroy, qal’a, uylar). Mamlakatda tuproqning botqoqligi, tosh tanqisligi binolarning g’isht va yog’ochdan qurilishiga sabab bo’lgan. 16— 17-asrlar tasviriy san’atida turmush manzaralari, natyurmort, portret janri rivojlandi. 17-asr o’rtalarida klassitsizmning golland badiiy maktabi rivoj topdi (binolarning sodda va qulay bo’lishiga ko’proq e’tibor berildi). 17-asr 2-yarmida frantsuz klassisizmining boy saroy va Park me’morligi ta’siri kuchaydi. Jamoat, savdo va ishlab chiqarish binolari (ratusha, birja, savdo rastalari va boshqalar) qurildi (me’morlar Ya. van Kampen, P. Post, aka-uka F. va Yu.Vingbons va boshqalar). 17-asrda haykaltaroshlik unchalik rivojlanmadi (binolar haykal bilan kamdan-kam bezatildi, portret haykallar juda kam ishlandi). Rassomlik va grafika esa keng rivoj topdi. Realistik rassomlik yuksalib, butun Yevropa tasviriy san’atiga samarali ta’sir o’tkazdi. Golland rassomlari, odatda, biror janrga ixtisoslashgan. Portret (F.Xals), dehqonlar hayoti (A. van Ostade) va shahar hayoti (Ya. Sten, G. Terborx va boshqalar), ifodali maishiy janr, manzara (Ya. Porsellis, Ya. van Ryoysdal) va boshqa janrlarda qimmatli asarlar yaratildi. Rembrandt, F. Xale, K. Fabrisius kabi buyuk rassomlarning ijodida demokratik kayfiyatlar mohirona ifodalandi. 19-asrda shaharlarda aholi tig’izlashdi, ixcham, tejamkor me’morlik shakllariga e’tibor kuchaydi. Tasviriy san’atda oddiy mehnatkash kishilar hayotiga ahamiyat berildi. 2-jahon urushidan so’ng Amsterdam, Gaaga, Rotterdam va boshqa shaharlarda binolarning oqilona joylashishiga erishildi, milliy romantik tamoyillar bilan sug’orilgan funktsionalizm yetakchi oqim bo’lib qoldi. 19-asr 2-yarmida Gaaga rang tasvir maktabi, 20-asrda golland haykaltaroshlik maktabi shakllandi. Hozirgi zamon Niderlandiya tasviriy san’atida turli modernistik oqimlar yoyilgan, ammo demokratik tamoyillar ham (Charli Torop, X. Shabo, P. Alma ijodida) sezilib turadi. Musiqasi. Niderlandiyaning musiqa madaniyatiga doir dastlabki ma’lumotlar ilk o’rta asrlarga mansub. 12-asrdan risarlik lirikasi rivoj topdi. 14-asrda menestrellar deb atalgan sayoq sozanda va xonandalar xalq qo’shiqchiligini professional san’at darajasiga ko’tardilar. Bayram, yarmarka, turli musobaqalarda musiqa asboblari jo’rligida ashula va raqslar ijro etish odat tusiga kirdi. 15-16-asrlarda musiqa san’ati, ayniqsa, yuksaldi. Xususan, Uyg’onish davrida vujudga kelgan Niderland maktabi Yevropaning kompozitorlik ijodiyotiga ta’sir o’tkaza boshladi. 17-asrda musiqa asboblarini ishlab chiqarish ham rivojlandi. 17-asr oxirlaridan Niderlandiyada ingliz, frantsuz, italyan musiqalari ta’siri oshdi, komik operalar sahnaga qo’yildi. K. Xakuartning «Ishq tantanasi» (1678) klassitsizm uslubidagi birinchi golland operasidir. Shu yillarda musiqa jamiyatlari tashkil etildi. 19-asrning 1-yarmidan milliy-demokratik musiqa madaniyati rivoj topa boshladi. Amsterdam konservatoriyasi (1884), Niderlandiya musiqachilari Qirollik jamiyati (1875), Milliy opera (1916-23), Niderlandiya kompozitorlari jamiyati (1911) va boshqa tashkilotlar mamlakatda musiqa madaniyati rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Amsterdamda 1948 yildan yozgi musiqa festivallari o’tkazib turiladi. Mamlakatda bir necha opera va balet teatrlari, 12 simfonik orkestr, 7 konservatoriya (ba’zilarida Sharq musiqasi o’rganiladi), 3 musiqa litseyi, Amsterdam, Leyden va Utrext universitetlarida musiqa tarixi va nazariyasi fakultetlari bor. Kompozitorlardan G.Landre, S.Bessem, K. van Baren, dirijyorlardan P. Xyup-Perts, B.Xaytink, musiqa ijrochilaridan K.de Grot, L.Ponse, G.Leonxardt, T.Olof, T.Bayle va boshqalar mashhur. Baleti o’rta asrlardan vujudga kela boshlagan, bayram va karnavallarda raqslar ko’p ijro etilgan. 1959 yilda amsterdam balet truppasi tuzilgan. Uning S.Gaskell truppasi (1954) bilan qo’shilishi (1961) tufayli Niderlandiya milliy baleti tashkil topgan. Gaagada 1961 yildan Niderlandiya raqs teatri ishlaydi. 1945 yildan bolalar uchun spektakllar qo’yadigan «Skapino» truppasi ishlab turibdi. O.de Xae, Ya.Flier, I.Sanders Niderlandiya operasini rivojlantirishga katta hissa qo’shdi. Teatri. 12-asr oxiridan boshlab dramatik asarlar sahnalashtirila boshladi. 14-asrda adabiyot va teatr shinavandalari jamiyati tuzildi. 1638 yilda Amsterdam shahri teatriga asos solindi. Ko’plab sayyor truppalar mamlakat bo’ylab tomoshalar ko’rsatardi. 1870 yilda tuzilgan «Niderland teatr uyushmasi» milliy teatr san’ati rivojiga katta hissa qo’shdi. Niderlandiyada havaskorlik teatrlari keng tarqalgan. Teatrlarda U. Shekspir, F. Shiller, F. Dostoevskiy, N. Gogol, A. Chexov, M.Gorkiy asarlari ko’rsatilgan. Keyingi yillarda mahalliy mualliflardan yaY Stal, S.Notebom, Ya. van der Merve va boshqalarning asarlari ko’plab sahnalashtirildi. Arnem, Rotterdam shaharlarida teatrlar mavjud. Zamonaviy sahna ustalari orasida A. van Dalsyum, K. van Deyk, E. van Lingen, V. Fos mashhur. Amsterdamda teatr muzeyi bor. Kinosi. 1898 yildan hujjatli, 1910 yildan badiiy filmlar ishlab chiqarilgan. 1927 yil Amsterdamda kino san’atini targ’ib qiluvchi «filmliga» kino klubi tashkil qilindi. Uning tarkibiga kirgan kino xodimlari «ulik suv» (rejissyor G.Ryutten) va boshqa filmlarni yaratdilar. Fashistlar okkupatsiyasi yillarida ekranlarda, asosan, nemis filmlari namoyish qilindi. Mamlakat fashistlardan ozod qilingandan keyin Qarshilik harakati to’g’risida ko’plab hujjatli filmlar suratga olindi (rejissyor R.Xorneker, J.Fernu, O. van Neyenxof va boshqalar), badiiy filmlar yaratish keng yo’lga qo’yildi. Keyingi yillarda «Amsterdam, suv shahri» (rejissyor M.Xas) ilmiy-ommabop filmi, «suv ovozi» (rejissyor B.Xanstra), «kasbdoshlar, shovqin qilmang» (rejissyor F.Rademakers), «Turk mevasi» (rejissyor P.Ferxuven) kabi badiiy filmlar chiqarildi. Kinematografiya kadrlari Amsterdam kino instituti va kino akademiyasida tayyorlanadi. O’zbekiston — Niderlandiya munosabatlari. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning 1993 yil Niderlandiyaga qilgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga negiz yaratdi. Tashrif chog’ida «O’zbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya Qirolligi o’rtasidagi iqtisodiy hamkorlik to’g’risida qo’shma bayonnoma» imzolandi. 1996 yil Toshkentda «investisiyalarni rag’batlantirish va o’zaro himoya qilish haqida» bitim tuzildi. O’zbekiston Respublikasi bilan Niderlandiya o’rtasidagi tovar aylanmasi 1999 yilda 139,6 million AQSh dollarini, shu jumladan, eksport 98,1 million dollarni, import esa — 41,5 million dollarni tashkil qildi. O’zbekiston Respublikasida golland sarmoyasi ishtirokidagi 10 korxona ro’yxatga olingan, shundan 7 tasida golland sarmoyasi 100%ni tashkil etadi. O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi huzurida Niderlandiyaning 7 firmasi o’z vakolatxonasini ochgan.