Nimcha

Nimcha — xotin-qizlarning yengsiz va yoqasiz kalta ustki kiyimi; ko’ylak ustidan kiyiladi. Bichimi turlicha — oldi ochiq (uchburchak shaklda chuqur o’yilgan), tugmachali, avra-astarli, ba’zan ikki yonida cho’ntaklar qilingan. Avrasi Baxmal, parcha, kimxob, shoyi va boshqa matolardan, astari ip matolardan tayyorlanadi; duxobadan yoqali va yoqasiz qilib, ba’zan orasiga yupqa paxta solib qavib paxtali Nimchalar ham tayyorlanadi. Kashta tikib bezatilgan (zardo’zi Nimcha, iroqi Nimcha va boshqalar) turlari hozirda ham keng tarqalgan. Nimcha qizlarning sepiga kirgan.