Nippur

Nippur (hozirgi Niffer yoki nuffar, Iroqdagi Bag’dod va Basra shaharlari orasida) — qadimgi Shumer shaharlaridan biri, uning bosh diniy markazi (miloddan avvalgi 3-ming yillik boshi — 2-ming yillik boshlari). Miloddan avvalgi 3-ming yillikda Nippurda shumeriylarning maxalliy ma’budlari — «tog’liklar» (Enlil boshchiligida) va Eridu — «dengiz» (Enki boshchiligida) ma’budlarini birlashtirgan bir sajdagohi (Panteon) qurilgan. Miloddan avvalgi 18-asrda Nippur Bobil tomonidan bosib olingan. Shu munosabat bilan Nippur diniy markaz sifatidagi rolini Bobilga bergan. Bobilning bosh ma’budi Marduk, oliy ma’bud Bela nomini olgan Enlil deb e’tirof etila boshlangan. Nippur diniy markaz sifatida Shumer shahar-davlatlari hayotida katta rol o’ynagan. Nippur kohinlari tan olmagan bironta ham podsho Shumerda tan olinmagan. Nippur ibodatxonasida kutubxona barpo etilgan bo’lib (miloddan avvalgi 3-ming yillik), unda tarix, geografiya, astronomiya, Botanika, zoologiya, filologiya va boshqa fanlarga oid shumeriylarning risolalari ilohiyot, munajjimlik-sehrgarlikka (ularning ko’pchiligi miloddan avvalgi 1-ming yillikda Ashshurnasirpal va Ashshur-banipal kutubxonasi olimlari tomonidan qayta ko’chirilgan) oid asarlar bilan birga saqlangan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik boshida kutubxona Elam istilochisi Kudurmabuk tomonidan yoqib yuborilgan. Miloddan avvalgi 2— 1-ming yilliklarda Nippur Bobilning «erkin shahri» sifatida ichki muxtoriyat huquqiga ega bo’lgan. Axomaniylar davrida (miloddan avvalgi 5-asr) Nippurda Murashu savdo-sudxo’rlik uyi mavjud bo’lgan (unda katta arxiv hujjatlari saqlangan). So’ngra Nippur kimsasiz shaharga aylanib, sosoniylar davrida nekropol bo’lgan Nippurda qazishma ishlari 19-asrdan olib boriladi; Enlil (Ekur) ibodatxonasi, maktab, kutubxona (80 xonadan iborat, 80 mingga yaqin mixxat hujjatlari, shundan 23 minggi kutubxonaning eng qadimgi davriga oid), xususiy uy-joylar va boshqalar topilgan.