Nishonov Rafiq Nishonovich

Nishonov Rafiq Nishonovich (1926.15.1, Bo’stonliq tumani) — siyosat va jamoat arbobi. 1951 yildan tuman partiya komiteti kotibi, Toshkent shahar partiya komiteti bo’lim mudiri, Toshkent shahar ijroiya qo’mitasi raisi. O’zbekiston KP MK kotibi (1963-70). 1970 yildan Shri Lanka Respublikasi va Maldiv Respublikasida SSSRning Favqulodda va Muxtor elchisi, SSSRning Iordaniyadagi elchisi. O’zbekiston SSR tashqi ishlar vaziri (1985-86). O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1986-88). O’zbekiston KP MK 1-kotibi (1988— 89), SSSR Oliy Soveti Millatlar Sovetining raisi (1989— 91). Nishonov respublikaga rahbarlik qilgan yillarda qat’iyatsizligi, uzoqni ko’ra bilmagani tufayli Markazning O’zbekistonga nisbatan g’arazli siyosati va qatag’onlari davom etdi, ijtimoiy-iqtisodiy hayot og’irlashdi, millatlararo adovatlar kuchaydi, respublikaning ma’muriy-hududiy tuzilishi bo’yicha volyuntaristik qarorlar qabul qilindi.