Nistagm

Nistagm (Yunoncha nistagmos — mudroq) — ko’z soqqasining beixtiyor ketma-ket (tez-tez va sust) ritmik harakat qilishi. Ko’z soqqasining xarakatiga qarab gorizontal, vertikal, diagonal, aralash va aylanma Nistagm farq qilinadi. Nistagm ko’pincha ikki, ba’zan bir ko’zda bo’ladi. Sog’lom kishilar, masalan, ko’z oldidan tez o’tayotgan narsani kuzatganda tanani tez u yoq bu yoqqa burganda, quloqqa issiq yoki sovuq suv quyganda Nistagm paydo bo’lishi fiziologik holat. Ko’z muskuli falaji, labirintit, isteriya, intoksikasiya, Markaziy nerv sistemasi va miya kasalliklari, shuningdek, tug’ilganidan boshlab xira ko’radiganlarda patologik Nistagm kuzatiladi. Noqulay sharoitda ishlaydiganlarda (kon ishchilari) ko’proq kasbga aloqador Nistagm paydo bo’lishi mumkin. Davosi Nistagmga sabab bo’lgan kasallikni davolashdan iborat. Nistagm kasbga aloqador bo’lsa, bemor boshqa ishga o’tkaziladi.