Nitritlar

Nitritlar — nitrit kislota tuzlari. Ishqoriy metallar va ammoniy Nitritlari ko’proq, ishqoriy-yer metallar, qo’rgoshin va kumush Nitritlari nisbatan kamroq ishlatiladi. Kaliy, natriy, bariy Nitritlari suvda yaxshi eriydi, kumush, simob, mis Nitritlari esa oz eriydi. Nitritlarning aksariyati spirt, efir va boshqa organik erituvchilarda juda oz eriydigan termik beqaror birikmalar. Faqat ishqoriy metallarning Nitritlari parchalanmay suyuqlanadi, qolganlari 25— 300° da parchalanadi. Nitritlarning ajralish jarayoni murakkab bo’lib, parallel va ketma-ket reaktsiyalarni o’z ichiga oladi. Asosiy gazeimon ajralish mahsulotlari — NO, NO2, N2 va O2, qattiq moddalar sifatida metall oksidi yoki elementar metall bo’ladi. Neytral muhitda Nitritlar Azot (N)-oksid NO gacha qaytariladi, kislotali muhitda esa nitratlargacha oksidlanadi. Organik galogenidlar bilan reaktsiyaga kirishib organik Nitritlar RONO hamda nitrobirikmalar hosil qiladi. Sanoatda nitrozo gazini (NO+NO2 aralashmasi) ishqoriy metallar karbonatlari yoki gidroksidlari eritmalariga yuttirish (absorbtsiyalash) yo’li bilan olinadi. Boshqa metallarning Nitritlari NaNO2 ga metallarning tuzlarini ta’sir ettirib almashinish reaktsiyasi yordamida yoki shu metallar nitratlarini qaytarish yo’li bilan olinadi. Azo bo’yagichlar sintezida, kaprolaktam ishlab chiqarishda, oziq-ovqat konservantlari o’rnida, rezina ishlab chiqarishda, to’qimachilik va metallni qayta ishlash sanoatida oksidlovchi va qaytaruvchi, amilnitrit C5HnONO va boshqalar. Tibbiyotda qon tomirni kengaytiruvchi modda sifatida ishlatiladi.